Osiyo bozorlari qayta ochildi: dollar yangi tariflar mojarosi fonida qadrsizlandi

Tramp Oliy sud qarori ortidan «o‘yin o‘ynaydigan» mamlakatlarga yanada yuqori bojlar joriy etilishini ma’lum qildi. Noaniq muhit esa dollarga ta’sir qildi.

Osiyo bozorlari qayta ochildi: dollar yangi tariflar mojarosi fonida qadrsizlandi

Bugun, 24-fevral kuni Osiyo bozorlari AQSH prezidenti Donald Trampning tarif siyosati atrofidagi yangi beqarorlikning global savdoga ta’sirini baholar ekan, dollar qadrsizlandi, deb xabar berdi «Reuters».

Xitoy va Yaponiya bozorlari bayramlardan keyin qayta ochilgan bir paytda dollar yo‘qotishlarini saqlab qoldi. Tramp esa Oliy sud uning favqulodda tariflarini bekor qilganidan so‘ng mamlakatlarni yaqinda tuzilgan savdo kelishuvlaridan chekinishdan ogohlantirdi.

«Nikkei» gazetasining yozishicha, o‘tgan oyda AQSH rasmiylari Yaponiya valutasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bozordagi «stavka tekshiruvlari»ni o‘tkazishda yetakchi bo‘lgan. Shundan so‘ng iyena bir oz zaiflashgan.

Vashingtonning so‘nggi tarif tahdidlari global savdo istiqbolini yanada xiralashtirmoqda. Oliy sud Trampning 1977 yildagi favqulodda qonundan foydalanib, tarif joriy etish vakolatidan oshib ketgani haqida qaror chiqargan edi.

«Endi biz yana juda noaniq muhitga qaytdik. Kelajakdagi savdo manzarasi qanday bo‘lishi noma’lum. Bu esa ko‘plab davlatlar savdo kelishuvlarini imzolagan yoki imzolash arafasida turgan paytga to‘g‘ri kelmoqda», – dedi «National Australia Bank»ning valuta strategiyasi rahbari Rey Attrill NAB podkastida.

Dollarning boshqa valutalardagi qiymati

Dollarni bir nechta valutalar savatchasiga nisbatan o‘lchaydigan dollar indeksi 97,69 darajada o‘zgarishsiz qoldi. Avvalgi savdo sessiyasida u 0,45 foizgacha pasaygan edi. Yevro 0,07 foizga oshib, 1,1793 dollarga yetdi. Iena esa dollarga nisbatan 0,03 foizga zaiflashib, bir dollar uchun 154,71 iyenaga teng bo‘ldi.

Avstraliya dollari dollarga nisbatan 0,1 foizga mustahkamlanib, 0,7061 dollarga yetdi. Yangi Zelandiyaning «kivi»si esa 0,08 foizga oshib, 0,5961 dollarga ko‘tarildi.

Kriptovalyutalar bozorida bitkoin 0,6 foizga oshib, 64 961,86 dollarga yetdi, efir esa 0,2 foizga o‘sib, 1 866,88 dollarga ko‘tarildi.

Bojlar bilan «o‘yin o‘ynaydigan»larga tahdid

Tramp 21-fevral kuni AQSHning barcha davlatlardan import qilinadigan mahsulotlariga nisbatan vaqtinchalik 10 foizlik tarifni 15 foizgacha oshirishini aytdi. Bu qonunga ko‘ra ruxsat etilgan eng yuqori daraja hisoblanadi. 23-fevral kuni esa u ijtimoiy tarmoqlarda Oliy sud qarori ortidan «o‘yin o‘ynaydigan» mamlakatlarga yanada yuqori bojlar joriy etilishini ma’lum qildi.

«The Wall Street Journal»ning yozishicha, Tramp ma’muriyati yirik akkumulatorlar, cho‘yan va temir quyma mahsulotlari, plastik quvurlar, sanoat kimyoviy moddalari, elektr tarmog‘i va telekommunikatsiya uskunalari kabi sohalarga milliy xavfsizlikka oid yangi tariflar joriy etishni ko‘rib chiqmoqda.

23-fevral kuni Yevropa parlamenti Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi savdo kelishuvi bo‘yicha ovoz berishni yangi import boji tufayli keyinga qoldirishga qaror qildi.

Yaponiya hukumati ma’lum qilishicha, savdo vaziri Ryoosey Akazava 23-fevral kuni AQSH savdo vaziri Hovard Latnik bilan muzokara o‘tkazib, Tokioning yangi tarif choralari doirasidagi sharoitlari o‘tgan yilgi kelishuvdan yomon bo‘lmasligini so‘ragan.

Yaponiya uzoq dam olish kunlaridan keyin ishga qaytgan bir paytda, «Nikkei» xabaridan so‘ng iyena biroz zaiflashdi. Xabarda aytilishicha, AQSH yanvar oyida Tokioning so‘rovisiz bozorda stavka tekshiruvlarini o‘tkazgan va iyenani qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma intervensiyaga tayyor bo‘lgan.

Yuqori inflatsiyadan xavotir

Yangilangan savdo noaniqliklari sun’iy intellektga yo‘naltirilgan ulkan sarmoyalarning barqarorligiga doir shubhalar ortib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, Federal zaxira tizimi rasmiylari yuqori inflatsiyadan xavotir bildirmoqda.

AQSH Markaziy banki kamida iyun oyigacha foiz stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirishi kutilmoqda. Fed gubernatori Kristofer Valler 23-fevral kuni aytishicha, agar fevral oyidagi mehnat bozori ma’lumotlari 2025 yildagi zaif ko‘rsatkichlardan so‘ng bozor «yanada mustahkam poydevorga o‘tgani»ni ko‘rsatsa, mart oyidagi yig‘ilishda stavkalarni o‘zgarishsiz qoldirishga ochiq.

Treyderlar, shuningdek, geosiyosiy keskinlikning kuchayishiga ham e’tibor qaratmoqda.

23-fevral kuni Davlat departamenti yuqori martabali manbaga tayanib bildirishicha, Eron bilan ehtimoliy harbiy mojaro xavfi ortib borayotgani sababli AQSH Bayrutdagi elchixonasidan zarur bo‘lmagan davlat xodimlari va ularning oila a’zolarini chiqarmoqda.

Теглар

Мавзуга оид