Logo

Oylab navbatdan chegirmagacha: Cobalt bilan nima bo‘lyapti?

Бугун 20:195 дақиқа

Yetti oyda Cobalt ishlab chiqarish 9,6 foizga oshib, 91,1 ming donaga yetdi. Biroq bir xil davr — yanvar—iyun kesimida qaralganda, ishlab chiqarish 13,5 foizga ko‘paygan, ichki sotuv esa 39,4 foizga kamaygan. Bir yil oldin bu ikki ko‘rsatkich orasidagi farq 5,5 mingta edi, hozir 42 mingtadan oshdi. Avvallari shartnomasi bir necha soatda tugab qoladigan Cobalt uchun endi foizsiz kredit taklif qilinmoqda va to‘liq to‘lov uchun 15 mln so‘mgacha chegirma berilyapti.

Oylab navbatdan chegirmagacha: Cobalt bilan nima bo‘lyapti?

Milliy statistika qo‘mitasining yangi hisobotiga ko‘ra, 2026 yilning yanvar—iyul oylarida O‘zbekistonda 91 140 ta Cobalt ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 83 167 tadan 9,6 foizga ko‘p.

Shu tariqa, Cobalt mamlakatda eng ko‘p ishlab chiqarilayotgan avtomobil bo‘lib qolmoqda. Biroq ishlab chiqarish ko‘paygani bilan ichki bozorda sotuv ham kamayib bormoqda.

Ishlab chiqarish va sotuv qarama-qarshi yo‘nalishda ketdi

«O‘zavtosanoat»ning sotuv statistikasida hozircha yanvar—iyun natijalari berilgan. Kompaniya negadir avgust oyida yanvar—iyul oyi uchun sotuv ma’lumotlarni ochiqlamagan.

Shu sabab ishlab chiqarish va ichki sotuvni aynan bir xil olti oylik davrda taqqoslash to‘g‘riroq bo‘ladi.

2025 yilning birinchi yarmida 73 102 ta Cobalt ishlab chiqarilib, O‘zbekiston ichida 67 580 tasi sotilgan edi. Ishlab chiqarish va ichki sotuv orasidagi farq 5 522 tani tashkil qilgan.

2026 yilning shu davrida esa ishlab chiqarish 82 951 taga yetgan, ichki sotuv 40 936 tagacha tushgan. Ya’ni ishlab chiqarish 9 849 taga yoki 13,5 foizga oshgan bir paytda, ichki sotuv 26 644 taga yoki 39,4 foizga kamaygan.

1

Natijada O‘zbekistonda sotilgan Cobalt’lar soni yarim yillik ishlab chiqarishning 49,3 foiziga teng bo‘ldi. Bir yil oldin bu nisbat 92,4 foiz edi.

Ikki ko‘rsatkich orasidagi farq esa 5 522 tadan 42 015 taga — 7,6 baravarga kengaydi.

Biroq bundan 42 mingta Cobalt’ning barchasi omborda qolgan, degan xulosa chiqmaydi. Ishlab chiqarilgan avtomobillarning bir qismi eksportga yuborilishi, ichki sotuvda esa avvalgi davrda ishlab chiqarilgan zaxiralar ham qatnashishi mumkin.

O‘zbekiston yanvar—iyul oylarida 157,2 mln dollarlik avtomobil eksport qilgan. Bu o‘tgan yilgidan 3,2 foizga kam. Ammo Statistika qo‘mitasi ham, «O‘zavtosanoat» ham eksportni dona va modellar kesimida ochiqlamaydi. Shu sabab 42 mingta farqning qancha qismi eksport, qancha qismi ombordagi zaxira ekani noma’lum.

Masalan, Qozog‘iston avtomobil uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, bu mamlakatda birinchi yarim yillikda 16 370 ta Cobalt sotilgan. Lekin Cobalt Qozog‘istonning o‘zida ham yig‘iladi. Shu sabab bu raqamni O‘zbekistondan tayyor avtomobil eksportiga tenglashtirib bo‘lmaydi.

Cobalt ishlab chiqarish ham pasaymoqda

Statistika qo‘mitasining yangi hisoboti Cobalt ishlab chiqarish yetti oyda 9,6 foizga oshganini ko‘rsatadi. Ammo jamlanma raqam ichidagi oylik o‘zgarish boshqacha manzarani beradi.

Yanvar—iyunda 82 951 ta, yanvar—iyulda esa 91 140 ta Cobalt ishlab chiqarilgan. Demak, iyul oyining o‘zida konveyerdan 8 189 ta avtomobil chiqqan.

2025 yil iyulida bu ko‘rsatkich 10 065 tani tashkil qilgan edi. Shunday qilib, iyuldagi ishlab chiqarish yillik hisobda 18,6 foizga, joriy yil iyuniga nisbatan esa 40 foizga kamaygan.

2

Bir oylik pasayishning o‘zi ishlab chiqarish doimiy qisqartiriladi, degan xulosaga yetarli emas. Biroq u yil boshidagi yuqori sur’at saqlanib qolmaganini va zavod ishlab chiqarishni ichki hamda tashqi bozordagi talabga moslashtira boshlaganini ko‘rsatadi.

Bozor qisqarmadi, xaridorning tanlovi o‘zgardi

Cobalt sotuvining kamayishini butun avtomobil bozoridagi talab pasayishi bilan izohlab bo‘lmaydi. 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 175 374 ta yangi avtomobil sotilgan. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 172 258 ta edi. Ya’ni umumiy bozor 1,8 foizga o‘sgan.

Cobalt’ning bozordagi ulushi esa 39,2 foizdan 23,3 foizga tushgan. Model hanuz birinchi o‘rinda, ammo bir yil oldin O‘zbekistonda sotilgan har o‘nta avtomobilning qariyb to‘rttasi Cobalt bo‘lgan bo‘lsa, hozir uning ulushi har to‘rtta avtomobilning bittasidan ham kam.

3

Shu davrda Onix sotuvi 8 704 tadan 19 595 taga, Tracker sotuvi esa 16 641 tadan 20 274 taga oshgan. Bu ikki modelning qo‘shimcha sotuvi jami 14 524 tani tashkil etib, Cobalt yo‘qotgan hajmning yarmidan ko‘prog‘ini son jihatdan qoplagan.

Bu xaridorlar aynan Cobalt’dan Onix yoki Tracker’ga o‘tganini anglatmaydi. Ammo umumiy bozor o‘sib, Cobalt keskin kamaygan bir paytda boshqa modellar sotuvi ko‘paygani xaridor tanlovi kengayganini ko‘rsatadi.

Chevrolet’ning umumiy sotuvi bir yilda 4,2 foizga kamaygan, qolgan ishlab chiqaruvchilarniki esa qariyb 30 foizga o‘sgan. Natijada Chevrolet’ning bozordagi ulushi 82,4 foizdan 77,6 foizga tushgan.

Taklif tomoni ham avvalgidan ancha keng. 2017 yilda O‘zbekistonda 135 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 458 mingtaga yetgan. Sakkiz yilda ishlab chiqarish 3,4 baravarga oshgan. Har 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan avtomobillar soni esa 2010 yildagi 21 tadan 2025 yilda 61 tagacha ko‘paygan.

Bu raqamlar bozor to‘liq to‘yinganini anglatmaydi. Ammo taqchillik kamayib, tanlov kengaygani sabab ishlab chiqaruvchi endi faqat avtomobil chiqarish bilan cheklanmay, xaridor uchun raqobatlashishi ham kerak.

Bir soatlik ajiotajdan foizsiz sotuvgacha

Yaqindagina Cobalt sotib olish uchun shartnoma ochiladigan vaqtni kutish, onlayn navbatga turish va avtomobilni bir necha oy kutish kerak edi.

2025 yil 3-noyabr kuni Cobalt uchun 100 mingta shartnoma atigi 2,5 soatda rasmiylashtirilgan. Shundan 53 911 tasi birinchi soatning o‘zida tuzilgan.

4

Biroq shartnoma soni haqiqiy sotuvga teng bo‘lmagan. Keyinchalik UzAuto Motors 100 mingta shartnomadan faqat 20 833 tasi bo‘yicha to‘lov amalga oshirilganini ma’lum qildi. Kompaniyaning o‘zi ko‘plab shartnomalar avtomobilga haqiqiy ehtiyoj bo‘lmagan holda rasmiylashtirilganini tan olgan.

Shunga qaramay, o‘sha paytdagi kontraktatsiya ajiotaji bilan bugungi savdo siyosati orasidagi farq katta.

15-iyulda Cobalt uchun Ipoteka-bank, 14-avgustda Kapitalbank, 24-avgustda InfinBANK, 26-avgustda esa Asakabank orqali 0 foizli to‘lov variantlari e’lon qilindi.

Ularning sharti bir xil emas. Bankka qarab 0 foizli taklif uchun avtomobil qiymatining 50—70 foizini oldindan to‘lash va qolgan qismini 11—18 oyda yopish talab etiladi. Uzoqroq muddat yoki kamroq boshlang‘ich to‘lov tanlansa, foiz stavkasi paydo bo‘ladi.

Bundan tashqari, Cobalt MCM uchun 10-sentabrgacha 15 mln so‘mgacha chegirma berilmoqda. Bunday choralar avtomobil ishlab chiqaruvchi endi xaridorning o‘zi kelishini kutmay, talabni moliyaviy takliflar bilan faol rag‘batlantirayotganini ko‘rsatadi.

«0 foiz» har doim eng arzon variant emas

Foizsiz to‘lov va 100 foiz to‘lov uchun chegirma bir vaqtda qo‘llanmaydi. UzAuto Motors shartlarida bank orqali avtomobil olinganda chegirma berilmasligi alohida qayd etilgan.

Masalan, Asakabank’ning Cobalt Style MCM uchun 12 oylik rejasida xaridor avval 101,465 mln so‘m to‘laydi, keyin 12 oy davomida 4,553 mln so‘mdan to‘lov qiladi. Jami xarajat 156,1 mln so‘mga teng.

100 foiz to‘lovdagi aksiya narxi esa Cobalt MCM uchun 146,1 mln so‘mdan boshlanadi. Demak, ayni misolda 0 foizli variant to‘liq to‘lovdagi aksiya narxidan 10 mln so‘m qimmatroq tushadi.

Bu taklifni «soxta foizsiz kredit»ga aylantirmaydi. Xaridor 10 mln so‘m evaziga to‘lovning bir qismini bir yilga kechiktirish imkonini oladi.

Ammo 0 foiz degani avtomobil eng past narxda beriladi degani emas. To‘g‘ri taqqoslash uchun foiz stavkasidan tashqari, jami to‘lov va boy berilayotgan chegirmani ham hisobga olish kerak.

Cobalt’ning bozordagi roli o‘zgaryapti

Cobalt’ga talab butunlay yo‘qolgan emas. U hamon O‘zbekistonda eng ko‘p sotilayotgan model, Qozog‘istonda ham yetakchi va eksport bozorlari mavjud.

Ammo raqamlar uning bozordagi maqomi o‘zgarganini ko‘rsatmoqda. Avvallari Cobalt taqchil, shartnomasi tez tugaydigan va ikkilamchi bozorda deyarli yangi avtomobil narxida sotiladigan mahsulot edi.

Endi u xaridor uchun boshqa sedanlar, krossoverlar, gibrid va elektromobillar bilan raqobatlashishi kerak bo‘lgan odatiy ommaviy avtomobilga aylanmoqda.

Ishlab chiqarishning o‘sishi ichki talabdagi pasayishni hozircha yopib turibdi. Iyuldagi ishlab chiqarish kamayishi, ketma-ket foizsiz dasturlar va chegirmalar esa UzAuto Motors ham bu o‘zgarishga moslasha boshlaganini ko‘rsatadi.

Теглар

Мавзуга оид