Logo

Oylikning 150 baravarigacha: xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlar oilasiga qanday imtiyozlar bor?

O‘zbekistonda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarining oilalariga davlat tomonidan bir martalik nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va boshqa ijtimoiy kafolatlar beriladi. Vaqt.uz amaldagi qonunchilikni YPX xodimlari misolida o‘rganib, qanday to‘lov va imtiyozlar berilishini tahlil qildi.

Oylikning 150 baravarigacha: xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlar oilasiga qanday imtiyozlar bor?

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-son qaroriga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lsa, uning oila a’zolariga bir martalik nafaqa beriladi. Uning miqdori marhumning lavozimi bo‘yicha maoshi va maxsus unvoni maoshi yig‘indisining 100 baravariga teng.

Masalan, xodimning lavozimi va maxsus unvoni bo‘yicha jami maoshi 5 mln so‘m bo‘lsa, hisob-kitob bo‘yicha bir martalik nafaqa 500 mln so‘mni tashkil qiladi.

Qachon 150 baravar beriladi?

Agar xodim vatan himoyasi va mamlakatning tinchligi yo‘lida yaralangani, kontuziya yoki mayib bo‘lgani oqibatida halok bo‘lsa, nafaqa miqdori 150 baravar etib belgilanadi. Shu sababli xizmatda halok bo‘lgan har bir YPX xodimi uchun avtomatik ravishda 150 baravar to‘lanadi, deb bo‘lmaydi. Avvalo uning halok bo‘lish holati qonunchilikda belgilangan qaysi toifaga kirishi aniqlanadi.

Davlatning yordami bir martalik to‘lov bilan tugamaydi. Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan xodimlarning oilalari uchun bir qator qo‘shimcha kafolatlar ham beriladi:

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi

2023-yil 1-maydan boshlab bunday xodimlarning oilasidagi mehnatga layoqatsiz har bir a’zoga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblash uchun olinadigan pul ta’minotining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Ya’ni, bu bir martalik 100 yoki 150 baravarli nafaqadan farqli ravishda muntazam to‘lanadigan pensiya hisoblanadi. 

Uy-joy bo‘yicha kafolatlar

Agar halok bo‘lgan xodimning oila a’zolari belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb topilsa, ular uy-joy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi. Shuningdek, turarjoy sotib olish yoki qurish uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditini olish huquqi ham saqlanadi. Ayrim hollarda esa marhum xodim bilan birga yashagan va nomida boshqa turar joyi bo‘lmagan oila a’zolariga xizmat uy-joyi shaxsiy mulk qilib berilishi mumkin.

Farzandlariga qanday imtiyozlar mavjud?

Halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari bog‘chalarda bepul tarbiyalanishi, professional va oliy ta’lim muassasalarida esa davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha o‘qishi mumkin.

Tibbiy yordam va boshqa imtiyozlar

Oila a’zolariga IIV tizimidagi tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlanadi. Bundan tashqari, ayrim hollarda davlat budjeti hisobidan yuqori texnologik tibbiy yordam ham ko‘rsatiladi.

Shuningdek, oila a’zolarining murojaatiga asosan O‘zbekiston hududidagi sanatoriy-kurort muassasalari va bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida yiliga bir marta bepul sog‘lomlashtirish ta’minlanadi.

To‘lov tayinlashda halokat sababi muhim

Xodimning ish vaqtida vafot etgani o‘z-o‘zidan nafaqa tayinlash uchun yetarli emas. Uning halok bo‘lishi xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi tekshiriladi.

Buning uchun hodisa o‘rganilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi. Xodimning o‘limi xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq deb topilganidan keyin nafaqa tayinlash masalasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Shu bois «ish vaqtida vafot etdi» va «xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi» tushunchalari bir xil emas. To‘lov tayinlashda ikkinchi holat muhim mezon hisoblanadi. Xizmat bilan bog‘liqlik aniqlangach, tegishli hujjatlar komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Xizmat bilan bog‘liqlik aniqlangach, hujjatlar belgilangan tartibda hududiy va Markaziy komissiyalarda ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng nafaqani tayinlash bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, to‘lov amalga oshiriladi. 

Muallif:Diyora Xabibullayeva

Теглар

Мавзуга оид

Oylikning 150 baravarigacha: xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlar oilasiga qanday imtiyozlar bor? | Vaqt.uz