Logo

O‘zbek mahsulotlari Costco orqali AQSH bozoriga chiqishi mumkin

Бугун 19:552 дақиқа

Costco vakillari o‘zbek mayizining sifatini yuqori baholadi. Tomonlar quruq va yangi mevalardan tortib, tekstil hamda hunarmandchilik mahsulotlarigacha yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qildi.

O‘zbek mahsulotlari Costco orqali AQSH bozoriga chiqishi mumkin © The Mirror

O‘zbekiston mahsulotlarini AQSHning yirik savdo tarmoqlaridan biri — Costco orqali Amerika bozoriga olib chiqish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxonov Costco Wholesale kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati taqdim etildi.

Uchrashuv davomida AQSH bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari Costco vakillariga ko‘rsatildi. Kompaniya vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish uchun zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor hamda boshqa yangi va quritilgan mevalarni AQSHga yetkazib berish istiqbollarini muhokama qildi.

Tekstil va hunarmandchilik mahsulotlari ham ko‘rib chiqildi

Uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQSHdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash masalasi ham ko‘tarildi. Shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida O‘zbekiston kompaniyalarining ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni Costco orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Costco vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni kompaniyaning global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlar o‘zbek mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi ishtirokini kengaytirish va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Costco — AQSHda tashkil etilgan Costco Wholesale Corporation kompaniyasining savdo tarmog‘i bo‘lib, asosan ombor-do‘konlar orqali mahsulotlarni katta hajmda sotadi. Kompaniya 14 ta mamlakatda faoliyat yuritadi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbek mahsulotlari Costco orqali AQSH bozoriga chiqishi mumkin | Vaqt.uz