O‘zbekiston iqtisodiyoti yarim yilda 8,5 foizga o‘sdi
Yarim yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga o‘sdi. Shunga qaramay, prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot yiliga 9–10 foiz o‘sishi kerakligini ta’kidladi. Markaziy bank esa iqtisodiyotdagi yuqori faollikni hisobga olib, yil yakunidagi o‘sishni 7,5–8 foiz atrofida prognoz qilmoqda. Vaqt.uz yuqori iqtisodiy o‘sishga nima sabab bo‘layotgani va uning aholi hayotida qanday aks etayotganini tahlil qildi.
© uzaMilliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 1,07 kvadrillion so‘m (yoki 1 072,7 trln so‘m)ni tashkil etdi va real hisobda 2025-yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga o‘sdi. Tarmoqlar kesimida sanoat ishlab chiqarishi 8 foiz, xizmatlar 16,9 foiz, qurilish 13,8 foizga oshdi.
Markaziy bank yuqori o‘sishda ichki talabning kuchayishi muhim omillardan biri bo‘lganini ta’kidladi. Chakana savdo va xizmatlardagi faollik iste’mol talabining, investitsiyalar o‘sishi esa investitsion talabning yuqoriligini ko‘rsatmoqda.Yarim yillik yuqori o‘sish birgina soha hisobiga emas, xizmatlar, iste’mol va investitsiyalardagi faollik bilan birga shakllangan.
Hududlar o‘rtasidagi daromadlar farqi
Milliy statistika qo‘mitasining SIAT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda aholi jon boshiga umumiy daromad o‘rtacha 29,9 mln so‘mni tashkil etgan. Bu 2024-yilga nisbatan 16,6 foizga ko‘p. Real hisobda esa aholi jon boshiga umumiy daromadlar 7,2 foizga oshgan.
Ammo hududlar kesimida farq katta. 2025-yilda aholi jon boshiga umumiy daromad Toshkent shahrida 73,9 mln so‘m bo‘lgan. Navoiy viloyatida bu ko‘rsatkich 44,7 mln, Buxoroda 35,2 mln, Xorazmda 31,1 mln so‘mni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda — 20,7 mln so‘m qayd etilgan.

Shunday qilib, Toshkent shahrida aholi jon boshiga umumiy daromad Qoraqalpog‘istondagidan 3,6 baravar yuqori. Bu mamlakat bo‘yicha daromadlar o‘sayotgan bo‘lsa-da, hududlar o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Kambag‘allik qisqarmoqda
Kambag‘allik darajasi ham pasaygan. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2024-yilda 8,9 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi 2025-yilda 5,8 foizga tushgan.
Hududlar kesimida ham ko‘rsatkichlar farq qiladi. 2025-yilda kambag‘allik darajasi Toshkent shahrida 3,5 foiz, eng yuqori ko‘rsatkich Xorazmda — 6,7 foiz qayd etilgan.
Demak, mamlakat bo‘yicha kambag‘allik kamaygan bo‘lsa-da, hududlar o‘rtasidagi farq saqlanib qolmoqda.
Inflatsiya va infratuzilma
Markaziy bank yuqori iqtisodiy faollik sharoitida ichki talabning taklifdan tezroq o‘sishi inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkinligini qayd etmoqda. Regulyator 2026-yil yakunida iqtisodiy o‘sish 7,5–8 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilgan.
Bu holatni oddiyroq qilib tushuntirganda, iqtisodiyotning «qizib ketishi» — talabning ishlab chiqarish va xizmatlar taklifidan tezroq o‘sib ketishi bilan bog‘liq. Bunday vaziyatda narxlar oshishi, kredit va resurslarga talab kuchayishi mumkin. Shu sababli inflatsiyani nazorat qilish ham muhim.
Yuqori iqtisodiy faollik infratuzilmaga ham qo‘shimcha yuklama beradi. Ishlab chiqarish va xizmatlar kengaygani sari elektr energiyasi, transport, suv, yo‘l va logistika xizmatlariga talab ortadi. Agar infratuzilma iqtisodiyot bilan bir xil tezlikda rivojlanmasa, ishlab chiqarish xarajatlari oshishi yoki ayrim hududlarda elektr va transport ta’minotidagi muammolar kuchayishi mumkin.
Chunki iqtisodiy o‘sish bilan birga aholi soni va iste’mol talabi ham oshib bormoqda. Ya’ni 9–10 foizlik o‘sishga intilishning o‘zi yetarli emas — bunday sur’atni ko‘tara oladigan energetika, transport, suv va boshqa infratuzilma ham kerak.
Muallif: Diyora Xabibullayeva





