Logo

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligida Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovni yodga oldi

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, atoqli davlat va siyosat arbobi, Birinchi Prezident Islom Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yodga oldi. Shuningdek, davlat rahbari mamlakatning tarixiy ildizlari, jadidlar merosi va so‘nggi yillardagi islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligida Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovni yodga oldi © Foto: president.uz

Marosimda ta’kidlanishicha, 1991 yilda xalqning xohish-irodasi va qat’iyati bilan qo‘lga kiritilgan istiqlolning ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari va qadimiy sivilizatsiya tarixiga borib taqaladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgani, shuningdek, Amir Temur barpo etgan davlat adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarixdan munosib o‘rin olgani qayd etildi.

Tarixiy meros va inson qadri

Tadbir davomida bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlar va jadidlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi. O‘tgan 35 yil davomida mustaqillikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarning fidokorona mehnati va jasorati e’tirof etildi.

«Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda. Mustaqillik bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz va unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi», — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, istiqlol tufayli O‘zbekiston xalqi o‘zligini anglab, ulug‘ ota-bobolarning munosib vorislari ekanini butun dunyoga namoyon etgan.

Prezident mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘lishini alohida ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, islohotlarning birinchi kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish va aholining dardiga darmon bo‘lish asosiy maqsad etib belgilangan.

«Inson qadri uchun» g‘oyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqilishi natijasida yillar davomida odamlarni qiynab kelgan «paxta qulligi», majburiy va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi hamda «propiska» kabi muammolarga barham berilgani eslatib o‘tildi.

«Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik», — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirdi nashr.

Теглар