Logo

O‘zbekiston tashqi savdosidagi kamomad bir yilda ikki baravar oshdi

Бугун 17:362 дақиқа

Tashqi savdo aylanmasi 65,4 milliard dollarga yetganiga qaramay, eksport qisqarib, importning tezroq o‘sishi natijasida savdo taqchilligi 13,7 milliard dollarga chiqdi.

O‘zbekiston tashqi savdosidagi kamomad bir yilda ikki baravar oshdi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida 65,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,9 milliard dollar yoki 6,3 foizga ko‘p. Biroq savdo hajmining o‘sishi eksport va import o‘rtasidagi tafovutni kamaytirmadi. Aksincha, tashqi savdo balansidagi manfiy saldo deyarli ikki baravar oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 28-oktabrda e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, dastlabki to‘qqiz oyda eksport hajmi 25,8 milliard dollarni tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga kamaygan. Import esa 15,7 foizga o‘sib, 39,6 milliard dollarga yetgan.

Natijada tashqi savdo balansidagi manfiy saldo 13,7 milliard dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida bu ko‘rsatkich 6,9 milliard dollar bo‘lgan.

Oltin eksporti qisqardi, xizmatlar eksporti o‘sdi

Eksportdagi umumiy pasayishga qaramay, ayrim yo‘nalishlarda o‘sish kuzatilgan. Xususan, oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti 31,6 foizga oshib, 13,3 milliard dollarga yetgan.

Biroq nomonetar oltin eksporti sezilarli kamaygan. 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida 9,8 milliard dollarni tashkil etgan ushbu ko‘rsatkich 2026 yilda 2,8 milliard dollargacha tushgan.

Shuningdek, xizmatlar eksporti ham o‘sishda davom etgan. Hisobot davrida uning hajmi 9,7 milliard dollarni tashkil etib, bir yil ichida 31,1 foizga oshgan.

Xizmatlar eksportida turizm va transport asosiy yo‘nalishlar bo‘lgan. Jumladan, turizm xizmatlari eksporti 5,3 milliard dollarni, transport xizmatlari esa 2,9 milliard dollarni tashkil qilgan.

Xitoy bilan savdo 15 milliard dollardan oshdi

O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkori Xitoy bo‘lib qolmoqda. 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 15,2 milliard dollarga yetgan.

Keyingi o‘rinlarda Rossiya — 10,5 milliard dollar, Qozog‘iston — 4,3 milliard dollar, Turkiya — 2,2 milliard dollar va Afg‘oniston — 1,6 milliard dollar bilan qayd etilgan.

O‘zbekistonning yirik savdo hamkorlari bilan tovar ayirboshlash hajmi quyidagicha:

Importda mashina va transport uskunalari yetakchi

Import tarkibida eng katta ulush mashina va transport uskunalariga to‘g‘ri kelgan. Ushbu toifadagi mahsulotlar importi 12,9 milliard dollarni tashkil etgan.

Bundan tashqari, 5,8 milliard dollarlik sanoat tovarlari, 4,8 milliard dollarlik kimyoviy mahsulotlar va 4,2 milliard dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari import qilingan.

Shunday qilib, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston tashqi savdosining umumiy hajmi o‘sgan bo‘lsa-da, eksportning qisqarishi va importning tezroq ko‘payishi savdo balansidagi manfiy saldoning kengayishiga olib kelgan.

Теглар

Мавзуга оид