Logo

O‘zbekistonda boylar narxlar oshishidan eng ko‘p xavotirda

Бугун 17:383 дақиқа

Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovnomada daromadi 30 mln va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari boshqalarga nisbatan eng yuqori bo‘ldi.

O‘zbekistonda boylar narxlar oshishidan eng ko‘p xavotirda © ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil iyun oyida aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari may oyiga nisbatan o‘zgarmasdan 10,1 foiz darajasida qoldi. Tadbirkorlar orasida ham bu ko‘rsatkich 9,9 foiz bo‘lib, o‘tgan oy bilan solishtirganda deyarli o‘zgarmagan. Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan an’anaviy so‘rovnomasi natijalarida keltirib o‘tilgan.

So‘rovda ishtirok etgan 3 785 nafar respondentning 56 foizi inflatsiyaga eng katta bosim kommunal xizmatlar tariflarining oshishi orqali yuzaga keladi, deb hisoblaydi.

Yana 46 foizi yoqilg‘i va energiya resurslari qimmatlashishi, 27 foizi esa transport xarajatlari o‘sishini asosiy xavf sifatida qayd etgan.

Shuningdek, ishtirokchilarning 23 foizi ish haqi va nafaqalar oshishi, 22 foizi monopoliyalar va narxlarning sun’iy oshirilishi, 19 foizi oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi hamda yana 19 foizi valuta kursi o‘zgarishini inflatsiyaga ta’sir qiluvchi omil sifatida baholagan.

1



Hududlar kesimida aholining inflyatsion kutilmalari eng yuqori Toshkent shahrida — 12 foiz bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (11,9 foiz) va Andijon viloyati (11,2 foiz) joylashgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Xorazm (8,4 foiz) va Navoiy (8,5 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

2




Daromad oshgan sari xavotir ham ortadi

Eng yuqori inflyatsion kutilmalar oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromadga ega aholida shakllangan bo‘lib, ular kelgusi bir yilda inflatsiya 16,5 foizga yetishini kutmoqda.

Oyiga 10–15 mln so‘m daromad topuvchilarda ushbu ko‘rsatkich 12,5 foiz, 15–20 mln so‘m daromadga ega respondentlarda esa 11,5 foiz bo‘lgan. Aksincha, oyiga 2 mln so‘mgacha daromad oluvchilar inflatsiyani 8,2 foiz darajasida baholagan. 2–4 mln so‘m daromadli aholida bu ko‘rsatkich 9,5 foiz, daromadga ega bo‘lmagan respondentlarda esa 9,3 foizni tashkil etgan.

3



Kasblar kesimida maishiy xizmatlar sohasi vakillari eng yuqori inflyatsion kutilmalarni bildirgan — 13 foiz. Keyingi o‘rinlarda tibbiyot xodimlari (11,9 foiz), pensionerlar (11,7 foiz), tashish xizmatlari sohasi (11,3 foiz) va davlat tashkilotlari xodimlari (11,2 foiz) qayd etilgan. Bank-moliya sohasi va talabalarda eng past ko‘rsatkich — 8,9 foiz kuzatilgan.

4



Tadbirkorlar ham narxlar oshishidan xavotirda


Markaziy bank 1 911 nafar tadbirkor o‘rtasida ham so‘rov o‘tkazdi. Ularning kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 9,9 foiz darajasida shakllangan.

Biznes vakillarining 58 foizi kommunal xizmatlar tariflari oshishini eng katta xavf deb hisoblagan. Shuningdek, 51 foizi yoqilg‘i va energiya resurslari narxi, 37 foizi transport xarajatlari, 24 foizi ish haqi va nafaqalar oshishi, 23 foizi xomashyo qimmatlashishi, 19 foizi soliq yuki, 18 foizi esa valuta kursi o‘zgarishini inflatsiyaga ta’sir qiluvchi omil sifatida ko‘rsatgan.

5



Faoliyat sohalari bo‘yicha inflyatsion kutilmalar madaniyat va san’at yo‘nalishidagi korxonalarda eng yuqori — 11,7 foizi bo‘ldi. Undan keyin tashish xizmatlari (11,6 foizi) va qurilish sohasi (11,2 foizi) joylashdi. Ishlab chiqarish sohasida esa eng past ko‘rsatkich — 9 foiz qayd etildi.

6



Hududlar kesimida Jizzax viloyatidagi tadbirkorlar inflatsiyani eng yuqori baholagan — 11,4 foiz. Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri (11 foiz) va Sirdaryo viloyati (10,9 foiz) turibdi. Eng past kutilmalar Buxoro (8,1 foiz), Navoiy (8,5 foiz) va Namangan (8,9 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

7

Теглар

Мавзуга оид