Logo

O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflari o‘zgaradi

Qayd etilishicha, amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayapti.

O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflari o‘zgaradi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Prezident Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv ta’minoti sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimotda suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yangi takliflarni ko‘rib chiqdi.

Taqdimotda amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayotgani, hududlar kesimidagi katta farqlar esa sohaning investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va uni iste’molchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish hamda Magistral suv ta’minoti korxonasini tashkil etish taklif qilindi. Yangi korxona hududiy tashkilotlarga ichimlik suvini yagona ulgurji tarif asosida yetkazib beradi.

Yangi tarif tizimi joriy etiladi

Taqdimotda ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini shaffof hamda iqtisodiy asoslangan mezonlar bo‘yicha belgilash uchun Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, 2027 yil 1-apreldan boshlab budjet tashkilotlari uchun mamlakat bo‘yicha yagona tarifni joriy qilish rejalashtirilgan.

Hisob-kitoblar onlayn tizimga o‘tadi

Ma’lum qilinishicha, demografik va iqtisodiy o‘sish natijasida 2030 yilga borib mamlakatda ichimlik suvi iste’moli hozirgi 941 million kub metrga nisbatan yana 230 million kub metrga oshishi kutilmoqda.

Shu bois suv resurslarini aniq hisobga olish va yo‘qotishlarni qisqartirish maqsadida iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni to‘liq onlayn tizimga o‘tkazish hamda shahar va tuman markazlaridagi barcha iste’molchilarga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflari o‘zgaradi | Vaqt.uz