Logo

O‘zbekistonda inflatsiya may oyidan beri eng past darajaga tushdi

Бугун 21:392 дақиқа

Avgustda O‘zbekistonda yillik inflatsiya 6,2 foizgacha sekinlashdi. Oylik narxlar o‘sishi ham 0,2 foizni tashkil etdi.

O‘zbekistonda inflatsiya may oyidan beri eng past darajaga tushdi © Foto: spot.uz

O‘zbekistonda avgust oyi yakuniga ko‘ra iste’mol narxlarining yillik o‘sishi 6,2 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Yillik inflatsiya iyul oyidagi 6,4 foizdan 6,2 foizga tushdi. O‘tgan yil avgust oyida mazkur ko‘rsatkich 8,8 foiz bo‘lgan. Shu tariqa, yillik inflatsiya bir yilda 2,6 foiz punktga sekinlashdi.

Avgustda oylik inflatsiya 0,2 foiz bo‘ldi. Bir yil avval avgust oyida iste’mol narxlari 0,4 foizga oshgan edi. Yil boshidan buyon esa narxlar 3,4 foizga ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davrida 4,5 foiz bo‘lgan.

Oziq-ovqat narxlari oshdi

Oziq-ovqat mahsulotlari avgust oyida 0,4 foizga qimmatladi. O‘tgan yilning shu oyida o‘sish 0,6 foizni tashkil etgan. Yil boshidan buyon ushbu mahsulotlar narxi 1,9 foizga, so‘nggi 12 oyda esa 6,2 foizga oshdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi avgustda 0,2 foizga ko‘tarildi. Yil boshidan buyon ushbu toifadagi mahsulotlar 4,3 foizga qimmatlagan. Yillik o‘sish esa 5,9 foizni tashkil etib, 2025 yil avgustidagi 6,6 foizdan pasaydi.

Pullik xizmatlar narxi oy davomida 0,1 foizga oshdi. Yil boshidan buyon o‘sish 4,7 foizni tashkil etgan. Yillik hisobda xizmatlar narxi 6,4 foizga ko‘tarildi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 16,2 foiz edi.

Hududlarda farq saqlandi

Avgustda oylik inflatsiya hududlar kesimida 0,2–0,3 foiz oralig‘ida bo‘ldi. Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida narxlar 0,3 foizga oshdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida oylik o‘sish 0,2 foizni tashkil etdi.

Yillik inflatsiya eng yuqori Toshkent shahrida qayd etildi — 6,8 foiz. Farg‘onada 6,6 foiz, Andijonda 6,5 foiz va Xorazmda 6,4 foiz bo‘ldi. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryoda 5,2 foiz, Buxoro va Surxondaryoda 5,7 foizdan qayd etildi.

Теглар

Мавзуга оид