O‘zbekistonda kripto-aktivlar reklamasi tartibga solinadi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-xizmatlar provayderlariga "faktik mazmun" bo‘yicha asoslantirilgan mulohaza asosida litsenziya berishni rad etishi mumkin bo‘ladi, kripto-aktivlar bilan bog‘liq reklamalar bo‘yicha esa aniq talablar belgilanmoqda.

O‘zbekistonda kripto-aktivlar reklamasi tartibga solinadi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekiston hududida kriptovalyuta bilan bog‘liq xizmatlar reklamasiga qo‘yiladigan talablarni yangiladi. Tegishli buyruq Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Yangi tahrirga muvofiq, kompaniyalar kriptoaktivlar O‘zbekistonda to‘lov vositasi hisoblanmasligini ko‘rsatishi shart, “qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno” bo‘ladi.

Shu bilan birga, boshqa talablar, jumladan kriptoaktivlar bilan bog‘liq operatsiyalardagi tavakkalchiliklar, pul mablag‘larini to‘liq yo‘qotish ehtimoli va ularning davlat tomonidan kafolatlanmagani to‘g‘risidagi ogohlantirishlar o‘z kuchida qoladi. Reklamada kripto investitsiyalardan daromad olishni, ular hisobiga oson boyishni va’da qilish, shuningdek, chegirma va bonuslar taklif etish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, “asoslantirilgan mulohaza” tushunchasi kiritilmoqda. Bu litsenziyalovchi organ tomonidan qonunchilik talablariga qo‘shimcha ravishda qo‘llaniladigan hamda “ko‘rib chiqilayotgan masalaning shakliy mazmunidan ko‘ra haqiqiy mazmunining ustuvorligini” nazarda tutuvchi kasbiy bahoni anglatadi.

Asoslantirilgan mulohaza xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish doirasida olingan ma’lumotlarga, shuningdek, “mulohazani shakllantirish uchun muhim” bo‘lgan boshqa axborotga asoslanadi. Bunday axborot xorijiy nazorat tuzilmalari va boshqa davlat organlaridan, xalqaro tashkilotlardan, jismoniy va yuridik shaxslardan olinishi mumkin.

ILMAning asoslantirilgan mulohazasi xizmat ko‘rsatuvchi provayderga litsenziya berishni rad etish uchun asos hisoblanadi. ILMA kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarini litsenziyalash tartibini 2022 yil avgust oyida tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, kriptobirjalar, kriptodo‘konlar, kriptodepozitariylar va mayning-pullar xizmatlarini faqat O‘zbekistonning rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar har bir faoliyat turi uchun alohida litsenziya mavjud bo‘lgandagina ko‘rsata oladi.

Xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar serverlarni mamlakat hududida joylashtirishi hamda tranzaksiyalar va mijozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni 5 yil davomida saqlashi shart. Kriptobirjalarning minimal ustav fondiga va kriptovalyuta bilan bog‘liq xizmatlar reklamasiga oid talablar tasdiqlangan.

Shavkat Mirziyoyev 2023 yil noyabr oyida O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat steyblkoinlardan foydalangan holda to‘lovlar sohasida maxsus huquqiy rejimni (“tartibga solish qumdoni”) ishga tushirishni nazarda tutadi.

Теглар

Мавзуга оид