Logo

O‘zbekistonda Meta'ning Kichik biznesni rivojlantirish akademiyasi dasturi ishga tushiriladi

Бугун 12:352 дақиқа

Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Meta kompaniyasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda Meta'ning Kichik biznesni rivojlantirish akademiyasi dasturi ishga tushiriladi © gov.uz

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Meta kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha davlat siyosati, strategiya va kampaniyalar yo‘nalishi direktori Bet Enn Lim bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, texnologik hamkorlikni kengaytirish va yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, raqamli sohada yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi ish o‘rinlarini tashkil etish va ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.

Meta o‘zbek startaplariga qiziqish bildirmoqda

Uchrashuvda O‘zbekistonda startap ekotizimi jadal rivojlanayotgani, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va texnologik tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Meta vakillari mahalliy startaplarning o‘sish sur’atlarini ijobiy baholab, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Shuningdek, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan soliq imtiyozlari va Incentives dasturi doirasidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham taqdim etildi. Ushbu imkoniyatlarning xalqaro texnologik kompaniyalar va startaplarni mamlakatga jalb qilishdagi ahamiyati qayd etildi.

Meta dasturi ilk bor O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yiladi

Uchrashuvda Metaning sun’iy intellektga asoslangan Advantage+ va Meta Business Agent vositalari hamda CoobX kompaniyasining amaliy o‘quv dasturlarini birlashtiruvchi Kichik biznesni rivojlantirish akademiyasi dasturi muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus Osiyo-Tinch okeani mintaqasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilmoqda. Dastur startaplar, yoshlar va kichik hamda o‘rta biznes vakillarining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi amaliy bilimlarini oshirishga qaratilgan.

Kiberxavfsizlik ham kun tartibida

Muzokaralarda kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, raqamli platformalar xavfsizligini mustahkamlash va bu borada qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar, sun’iy intellekt, tadbirkorlik va kiberxavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Теглар

Мавзуга оид