O‘zbekistondagi ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni ma’lum qilindi

Бугун 15:151 дақиқа

O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda, mamlakatdagi ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 4 mingga ko‘paygan.

O‘zbekistondagi ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni ma’lum qilindi © Javhar Chorshanbiyeva

2026 yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 718 281 nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 058 nafarga ko‘p.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, nafaqa oluvchilarning eng katta qismi nogironlik nafaqasiga to‘g‘ri keladi — 314 030 nafar. Shuningdek, 167 472 nafar 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun nafaqa oladi.

Parvarishlash nafaqasi oluvchilar soni 70 913 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, yoshga doir nafaqa oluvchilar 95 950 nafarni tashkil etdi. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchi oilalar soni esa 58 664 taga yetgan.

Alohida e’tibor talab qiluvchi toifalar ham davlat qo‘llab-quvvatlovida qolmoqda. Jumladan, 9 555 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar moddiy yordam olyapti. Shu bilan birga, 1 697 nafar oilaviy bolalar uyi va patronat tizimi orqali to‘lovlar bilan ta’minlangan.

Solishtirish uchun, 2025 yil aprel oyida ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 714 223 nafarni tashkil etgan edi. Bir yillik o‘sish nisbatan barqaror bo‘lib, ijtimoiy siyosatning davomiyligini aks ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda nafaqa pullaridan kredit qarzdorligini undirish taqiqlanganligi haqida xabar bergan edik.

Теглар

Мавзуга оид