O‘zbekistonga mol go‘shti importi ikki oydan beri qisqarmoqda

O‘zbekistonga import qilinayotgan mol go‘shti hajmi ketma-ket ikki oy davomida kamaydi. Mamlakatda esa go‘sht narxlari o‘sishi davom etmoqda.

O‘zbekistonga mol go‘shti importi ikki oydan beri qisqarmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil aprel oyida O‘zbekistonga umumiy qiymati 57 million dollarlik 11,2 ming tonna mol go‘shti import qilingan. Bu mart oyiga nisbatan sezilarli pasayishni ko‘rsatadi.

Taqqoslash uchun, mart oyida xorijdan 61 million dollarga 12,7 ming tonna, fevral oyida esa 67,4 million dollarga 14,4 ming tonna mol go‘shti olib kirilgan. Shunday qilib, import hajmi martda 1,7 ming tonnaga, aprelda esa yana 1,5 ming tonnaga qisqargan.

Qo‘y va tovuq go‘shti importida ham pasayish kuzatildi. Aprel oyida mamlakatga 8,6 million dollarlik 2,85 ming tonna qo‘y go‘shti olib kirilgan. Mart oyida bu ko‘rsatkich 3,1 ming tonnani tashkil etgan va umumiy qiymati 9,66 million dollar bo‘lgan.

Tovuq go‘shti importi ham kamaygan. Aprel oyida xorijdan 6,3 million dollarga 5 ming tonnadan ortiq tovuq go‘shti sotib olingan. Mart oyida esa 7 million dollarlik 6,4 ming tonna tovuq go‘shti import qilingandi.

Shu bilan birga, ichki bozorda go‘sht narxlari o‘sishda davom etmoqda. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida suyakli mol go‘shti narxi bir oy ichida 3,2 foizga oshgan. Yillik hisobda esa o‘sish 16,6 foizni tashkil etgan.

Suyaksiz mol go‘shti ham oylik hisobda 3,2 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,3 foizga qimmatlashgan. Qo‘y go‘shti narxi aprel oyida 3,7 foizga, yillik hisobda esa 20,3 foizga oshgan.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonga mol go‘shti importi ikki oydan beri qisqarmoqda | Vaqt.uz