O‘zbekistonliklar uchun AQSHda ishlashning yangi yo‘li ochiladi
«Head Honchos LLC» bilan hamkorlik doirasida o‘zbekistonliklarni AQSH qishloq xo‘jaligiga jalb qilish rejalashtirilmoqda.
© istockphotoO‘zbekistonning AQSHdagi favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqovning AQSHning «Head Honchos LLC» rekruting kompaniyasi direktori Todd Miller bilan uchrashuvida «H-2A» dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolarini AQSH qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etish bo‘yicha uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga erishildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Muzokaralar davomida tomonlar uyushgan mehnat migratsiyasi sohasida, jumladan, «H-2A» mavsumiy qishloq xo‘jaligi bandligi dasturi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilgan.
O‘zbekistonliklarga dasturda qatnashishga ruxsat berildi
Todd Miller O‘zbekiston elchixonasining sa’y-harakatlari tufayli respublika fuqarolari ushbu dasturda ishtirok etishiga ruxsat berilgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilganini yuqori baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Amerikadagi rekruting kompaniyalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarida katta qiziqish uyg‘otib, xorijiy ishchi kuchini jalb etish sohasida amaliy hamkorlikning yangi bosqichini ochib bergan.
Amerika tomoni AQSHning agrar sektorida ichki resurslar cheklangan sharoitda ishchi kuchiga bo‘lgan barqaror yuqori talab saqlanib qolayotganini qayd etdi. Shu munosabat bilan xorijlik ishchilarni jalb qilish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Foto: Dunyo
«Head Honchos LLC» rahbariyati O‘zbekiston fuqarolariga istiqbolli va ishonchli kadrlar manbai sifatida qiziqish bildirdi. Todd Miller shaxsiy hamkorlik tajribasiga tayanib, ularning mehnatsevarligi, intizomliligi, mas’uliyatliligi va ish jarayoniga yuqori darajada jalb etilganini alohida e’tirof etdi.
O‘zbekistonliklarning huquqlarini himoya qilish
Uchrashuvda O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish hamda xorijda xavfsiz va qonuniy bandlikni ta’minlash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Bu borada O‘zbekiston Migratsiya agentligining imkoniyatlari tizimli hamkorlik uchun asos sifatida ijobiy baholandi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha bir qator kelishuvlarga, jumladan, «H-2A» dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolarini AQSH qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etish bo‘yicha uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga erishildi. Kompaniya nomzodlarni tanlash va tekshirishdan tortib, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ishga joylashtirishgacha bo‘lgan yollash jarayonlarini xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari uchun ingliz tilini, mehnat qonunchiligi asoslarini, mehnat madaniyati va qishloq xo‘jaligi ko‘nikmalarini o‘rgatishni o‘z ichiga olgan qisqa muddatli kompleks tayyorlov dasturlarini joriy etish to‘g‘risida kelishib olindi.
2000-yilda tashkil etilgan va Texas shtatining San-Antonio shahrida joylashgan «Head Honchos LLC» AQSH qishloq xo‘jaligi va boshqa mehnat talab tarmoqlariga xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ixtisoslashgan yetakchi rekruting tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya har yili uch mingdan ortiq xorijiy fuqaroning mavsumiy ishlarga joylashishiga ko‘maklashadi va mamlakat bo‘ylab 400 ga yaqin fermer xo‘jaligi bilan barqaror hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Oldingi kelishuv
O‘zbekiston Migratsiya agentligi va AQSHning «USA Farm Labor» tashkiloti o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Amerikada qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga jalb qilinishiga kelishilgandi.
Agentlikka ko‘ra, ishlash davri 9-10 oy davom etadi. O‘rtacha oylik 3 500 dollarni tashkil qilib, ishchilar ish beruvchi hisobidan turar joy bilan ta’minlanadi. Nomzodlarni tanlashda malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.





