Logo

O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan savdosi qanday o‘zgardi?

O‘zbekistonning yetti oylik tashqi savdosi 49,5 mlrd dollarga yetdi. Shundan 5,4 mlrd dollarlik savdo Markaziy Osiyodagi to‘rt qo‘shni davlatga to‘g‘ri kelgan. Ular orasida Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori bo‘lib, mintaqadagi savdoning 61 foizini tashkil etgan.

O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan savdosi qanday o‘zgardi? © Asia-Plus

2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tashqi savdosi 5,4 mlrd dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,2 foizga ko‘p bo‘lib, mamlakat umumiy tashqi savdosining 10,9 foiziga teng.

Savdo tarkibida eksport 2 mlrd dollarni, import esa 3,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Eksportning 34,5 foizga, importning esa 24,8 foizga o‘sishi mintaqa davlatlari bilan savdo aloqalari kengayayotganini ko‘rsatadi.

IMG_20260909_091718_965

Manba: Vaqt. uz 

Ayniqsa, so‘nggi uch yilda savdo hajmi sezilarli darajada oshdi. 2024-yilning iyulida Markaziy Osiyo davlatlaridan import 2,45 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning iyuliga kelib bu ko‘rsatkich 3,38 mlrd dollarga yetgan. Ya’ni ikki yil ichida import qariyb 38 foizga oshgan.

Eksportda esa o‘sish sur’ati yanada yuqori bo‘ldi. So‘nggi 3 yilda eksport hajmi 2 mlrd dollarga yetib, 41,4 foizga ko‘paygan. Demak, eksport foizlarda importga qaraganda tezroq o‘sgan.

Ammo eksport hajmi hali ham importdan ancha past. 2024-yilda import va eksport o‘rtasidagi farq 1,04 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu tafovut 1,38 mlrd dollarga kengaygan.

Qozog‘iston va Turkmanistonda import ustun

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo hamkori Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda. 2026-yil yanvar–iyul oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 3,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi to‘rt qo‘shni davlat bilan jami savdosining 61 foiziga teng.


Ammo bu savdoning katta qismi import hisobiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning Qozog‘istonga eksporti 868 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, u yerdan import qilingan mahsulotlar 2,4 mlrd dollarni tashkil etgan.


Eksportda avtomobillar, to‘qimachilik hamda meva-sabzavot mahsulotlari muhim bo‘lsa, Qozog‘istondan esa O‘zbekiston bug‘doy, metall, neft mahsulotlari va ko‘mir xarid qilgan. Natijada ikki davlat o‘rtasidagi savdoda import eksportdan qariyb uch baravar yuqori bo‘lgan.


Turkmaniston bilan savdoda ham shunga o‘xshash holat kuzatildi. Yetti oyda ikki davlat o‘rtasidagi savdo 779,4 mln dollarni tashkil etgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,9 foizga oshgan.


O‘zbekistonning bu davlatga eksporti 121,8 mln dollar bo‘lgan. U yerga qurilish materiallari, kimyo mahsulotlari va ayrim texnika vositalari yuborilgan. Aksincha, import 657,5 mln dollarni tashkil etib, uning katta qismini neft mahsulotlari va polimerlar tashkil qilgan. Shunday qilib, Qozog‘iston va Turkmaniston bilan savdoda import eksportdan sezilarli darajada yuqori.

Qirg‘iz Respublikasi va Tojikistonda eksport ustun

Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdoda esa vaziyat boshqacha. Bu ikki davlat bilan O‘zbekistonning eksporti importdan ancha yuqori. Shu bilan birga, aynan ushbu ikki davlatning savdo aylanmasi qolganlariga qaraganda ko‘proq o‘sgan.

Qirg‘iz Respublikasi bilan savdo shu yilning yanvar–iyul oylarida 776,7 mln dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,8 foiz ko‘p.

O‘zbekistonning Qirg‘izistonga eksporti 575,8 mln dollar, importi esa 200,9 mln dollar bo‘lgan. Ushbu davlatga ko‘proq maishiy texnika, avtomobillar, to‘qimachilik va qurilish mahsulotlari sotilgan. Qirg‘izistondan esa ko‘mir, sement va tabiiy toshlar xarid qilingan.

Tojikiston bilan savdo aylanmasi esa 565 mln dollarga yetib, bir yil ichida 44,9 foizga oshgan. O‘zbekistonning Tojikistonga eksporti 437,5 mln dollarni, importi esa 127,5 mln dollarni tashkil qilgan. Bu yo‘nalishda eksport importdan uch baravar yuqori.

Shunday qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo tarkibida ikki xil manzara yuzaga kelmoqda. Qozog‘iston va Turkmaniston bilan savdoda import ustun bo‘lsa, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan O‘zbekiston eksporti ancha yuqori. 

Umuman olganda, O‘zbekiston savdosida  import hali ham eksportdan yuqori. Shuning uchun kelgusida eksportni ko‘paytirish, ayniqsa tayyor mahsulotlarni qo‘shni davlatlar bozoriga ko‘proq chiqarish muhim. Eksportning oshishi savdo hajmini kengaytirish bilan birga, import va eksport o‘rtasidagi farqni ham kamaytirishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan savdosi qanday o‘zgardi? | Vaqt.uz