Oziq-ovqat inqirozigacha 6-12 oy: BMT xavfli ogohlantirish e’lon qildi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik tufayli dunyo bozorlarida mahsulotlar narxi keskin ko‘tarilib ketishi mumkin.

Oziq-ovqat inqirozigacha 6-12 oy: BMT xavfli ogohlantirish e’lon qildi

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida kuzatilayotgan geosiyosiy keskinlik fonida dunyo bozorlarida mahsulotlar narxi keskin ko‘tarilishi va global oziq-ovqat beqarorligi yuzaga kelishi xavfini e’lon qildi.

FAO bosh iqtisodchisi Maksimo Torero kemalar harakatidagi uzilishlar allaqachon «tizimli agrosanoat shoki»ni keltirib chiqarayotganini, uning oqibatlari esa yaqin bir yil ichida to‘laqonli jahon inqiroziga aylanishi mumkinligini aytdi.

Ho‘rmuzdagi keskinlik bozorlarga bosim o‘tkazmoqda

Tashkilot tahlillariga ko‘ra, energiya tashuvchilar va o‘g‘itlar narxining oshishi, ekin maydonlarining qisqarishi hamda transport xarajatlarining ortishi jahon oziq-ovqat bozorlariga bosim o‘tkaza boshlagan.

FAO ushbu vaziyat ayniqsa g‘alla va o‘g‘it importiga qaram bo‘lgan davlatlar uchun juda xavfli ekanini ta’kidladi.

Muqobil yo‘nalishlar cheklangan

Tashkilotning agrooziq-ovqat iqtisodiyoti departamenti direktori Devid Labord Qizil dengiz, Arabiston yarim orolining sharqi va Saudiya Arabistonining g‘arbiy qismi orqali o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlarning o‘tkazuvchanlik imkoniyati cheklanganini qayd etdi.

Xalqaro tashkilot dunyo davlatlarini eksport cheklovlaridan voz kechishga, insonparvarlik yordamlari yetkazilishini ta’minlashga va zudlik bilan yangi logistika yo‘laklarini izlashga chaqirdi.

Qurg‘oqchilik va El-Nino xavfni oshirmoqda

Inqirozni kuchaytiruvchi yana bir omil sifatida, FAO dunyoning qator mintaqalarida kuchli qurg‘oqchilik va qishloq xo‘jaligida uzilishlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan El-Nino iqlim hodisasining faollashuvidan xavotirda.

BMT agar xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan harakatlar amalga oshirilmasa, dunyo yaqin oylardayoq oziq-ovqat inflatsiyasi va tanqisligining yangi to‘lqiniga duch kelishi mumkinligini alohida ta’kidladi.

Теглар

Мавзуга оид