Logo

Payme 2025-yildagi deyarli barcha foydasini dividendlarga yo‘naltirdi

Бугун 13:251 дақиқа

Kompaniya aksiyadorlari uchun 380 mlrd so‘m dividend to‘lab bermoqda. Bu bitta aksiyaga 1 900 foizdan to‘g‘ri keladi.

Payme 2025-yildagi deyarli barcha foydasini dividendlarga yo‘naltirdi

Payme to‘lov tashkiloti 2025-yili 390,1 mlrd so‘m sof foyda olgandi. Kompaniya foydasining 380 mlrd so‘mini dividend sifatida aksiyadorlarga to‘lab berish haqida qaror qildi.

To‘lov tashkiloti har bir oddiy aksiya uchun 19 ming so‘m dividend to‘laydi. Bu aksiyaning nominal qiymatiga nisbatan 1 900 foizni tashkil etadi.

Dividendlar qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 kun ichida to‘lab beriladi. Shu bilan birga, qolgan 10,135 mlrd so‘m taqsimlanmagan foyda sifatida qoldiriladi.

Payme 2025-yili foydasini 42,2 foizga oshirib, 390,1 mlrd so‘mga yetkazgandi. Kompaniyaning daromadi 56,4 foizga ko‘paydi va 769,7 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Taqqoslash uchun 2025-yili Payme raqobatchilari Paynet 395,1 mlrd so‘m (+40,3 foiz) va Click 375,8 mlrd so‘m (+27,3 foiz) foyda olgandi.

Payme to‘lov tashkiloti TBC Uzbekistan ekotizimining bir qismi hisoblanadi. TBC Group to‘lov tashkilotini 2023-yili to‘liq sotib olgandi.

O‘shanda TBC Payme’ning 49 foiz ulushi uchun 55,7 mln dollar to‘lagandi. Qolgan 51 foizlik ulush esa 2019-yili xarid qilingan.

Avvalroq Click har ikki oyda aksiyadorlariga milliardlab dividend to‘layotgani haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Payme 2025-yildagi deyarli barcha foydasini dividendlarga yo‘naltirdi | Vaqt.uz