Pensiyadan kredit undirishdagi cheklovlar, Afg‘oniston bilan $300 mlnlik shartnoma va «Chevrolet» ulushining pasayishi — 15-aprel dayjesti

Кеча 23:183 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Pensiyadan kredit undirishdagi cheklovlar, Afg‘oniston bilan $300 mlnlik shartnoma va «Chevrolet» ulushining pasayishi — 15-aprel dayjesti

O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari 300 mln dollarlik shartnomalar tuzdi

Afg‘onistonning Hirot shahrida Andijon savdo uyi ochilib, O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari ishtirokida biznes forum o‘tkazildi. Unda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov va Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi 110 nafar tadbirkor qatnashdi. Forumda viza tartibini yengillashtirish, hisob-kitob mexanizmlarini takomillashtirish, dori-darmon ayirboshlash va qishloq xo‘jaligi hamda sement mahsulotlari logistikasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida umumiy qiymati 300 mln dollarlik shartnomalar imzolandi. Hirotda ochilgan Andijon savdo uyi 10 yo‘nalishda 200 dan ortiq mahsulotni qamrab olib, mahsulot namoyishi bilan birga yangi sheriklik va investitsiya loyihalari uchun platforma bo‘lishi kutilmoqda.

Pensiyadan kredit ushlansa ham, fuqaroga yashash uchun mablag‘ qoldirish majburiy bo‘ladi

O‘zbekistonda pensiyadan kredit to‘lovlari ushlab qolinganda ham fuqarolar qo‘lida yashash uchun zarur minimal mablag‘ qoldirilishi majburiy etib belgilanmoqda. Bu talab pensiya to‘lovlari deyarli to‘liq ushlab qolinib, keksa fuqarolarning kundalik ehtiyojlari qondirilmay qolayotgan holatlar ortishi fonida joriy etilmoqda.

Parlamentda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, qarzdorlik mavjud bo‘lsa ham pensiyadan to‘liq undirish amaliyoti cheklanadi. Hujjat deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan. Shu bilan birga, avval ijtimoiy nafaqalar va ijtimoiy kartalarga tushadigan mablag‘lardan kredit qarzdorligini undirish taqiqlangani ham eslatib o‘tilgan.

Qonunchilikni buzgan 6 ta qurilish kompaniyasi jazolandi

O‘zbekistonda qurilish kompaniyalari tomonidan qonunga zid reklama holatlari aniqlanib, 6 ta kompaniya jazolandi. Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlariga ko‘ra, “Humo Avenue”, “Stroy Dom Siyob”, “Aziya Makon City”, “Aziza Credo Max”, “Shohsaroy Enter Group” va “Qorasuv Avenue” qurilish obyektlarini maxsus elektron ro‘yxatga kiritmasdan turib reklama qilgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ruxsatnomasiz obyektlarni reklama qilish taqiqlangan bo‘lib, ushbu kompaniyalar qonunbuzar deb topildi va ularga moliyaviy jarimalar qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston avtomobil bozorida «Chevrolet» ulushi kamaymoqda

2026 yil birinchi choragida O‘zbekiston avtomobil bozorida 91 088 ta avtomobil sotilib, o‘tgan yilga nisbatan 21 foizlik o‘sish qayd etildi. «UzAuto Motors» 45 881 ta avtomobil sotib, bozor yetakchiligini saqlab qoldi, biroq «BYD Uzbekistan», «ADM Jizzakh» va «Khorezm Auto» kabi raqobatchilar tezroq o‘sishni namoyon etdi. Xususan, «BYD Uzbekistan» sotuvlarini qariyb ikki barobarga oshirdi.

Brendlar kesimida «Chevrolet» yetakchi bo‘lib qolmoqda, ammo uning bozor ulushi 82,6 foizdan 79,3 foizgacha tushdi. Shu bilan birga, «Chevrolet Cobalt» yetakchi model bo‘lsa-da, uning sotuvi 17 foizga kamaydi. «Kia Sonet», «BYD Song Plus» va «Yuan Up» modellari esa tez o‘sib, ayniqsa elektr avtomobillarga talab oshganini ko‘rsatdi.

Kreativ iqtisodiyotning O‘zbekiston YAIMdagi ulushi 5 foizga yetkaziladi

O‘zbekistonda 2030 yilga qadar kreativ iqtisodiyotning YAIMdagi ulushini 5 foizga yetkazish maqsad qilinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, bu vazifaga xizmat qilish uchun Kreativ industriya parki tashkil etilmoqda. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy industriyani kengaytirish va san’at mahsulotlari eksportini oshirish bilan bog‘liq.

So‘nggi yillarda sohada qator ishlar amalga oshirilib, yangi teatrlar, madaniyat markazlari, muzeylar va san’at maktablari tashkil etildi, tarixiy obyektlar tiklandi. Shuningdek, xodimlar maoshi o‘rtacha 35 foizga oshirildi va ijodkorlar uchun turli mukofotlar joriy etildi. Joriy yilda ham bir qator madaniy obyektlarda qurilish va ta’mirlash ishlari davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид