Logo

Prezident energetiklarning birgina xato qarori 300 mln dollarlik ortiqcha xarajatga sabab bo‘lganini aytdi

Davlat rahbariga ko‘ra, Surxondaryodagi bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi uchun joy noto‘g‘ri tanlangan.

Prezident energetiklarning birgina xato qarori 300 mln dollarlik ortiqcha xarajatga sabab bo‘lganini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Surxondaryo viloyatidagi bug‘-gaz elektr stansiyasi loyihasidagi kamchiliklar tanqid qilindi.

Qayd etilishicha, elektr stansiyasi uchun joy noto‘g‘ri tanlangani oqibatida gazni inshootga yetkazib berish uchun 300 million dollar sarflashga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, tashabbuskor bilan tuzilgan shartnoma shartlari yetarlicha puxta o‘rganilmagani ham qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelish xavfini oshirgan. Shu munosabat bilan mas’ullarga shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Energetika tizimida kadrlar almashdi

Yig‘ilishda sohadagi jiddiy kamchiliklar uchun energetika vaziri hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari lavozimidan ozod etildi.

«Milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Transgaz» va «Hududgaz» rahbarlariga esa yil yakunigacha sinov muddati belgilandi.

Davlat rahbari belgilangan muddat ichida natija bo‘lmasa, ular ham lavozimidan ozod etilishi haqida ogohlantirdi.

Yangi energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev, «Hududiy elektr tarmoqlari»ning yangi rahbari Sardor Isaqulov hamda Energiya inspeksiyasining yangi boshlig‘i Ahad Isoqjonov bugundan boshlab mutlaqo yangi ish uslubini joriy qilishi shartligi ta’kidlandi.

Hokimlar ham javobgar bo‘ladi

Prezident bu borada hokimlarni ham ogohlantirdi.

«Hokimlar ham “Bu energetiklarning ishi” deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Теглар

Мавзуга оид

Prezident energetiklarning birgina xato qarori 300 mln dollarlik ortiqcha xarajatga sabab bo‘lganini aytdi | Vaqt.uz