Putinni Bishkekda kutishmoqda. YI sanksiyalari e’lon qilingan kuni Japarov Kremlga bordi

Бугун 11:112 дақиқа

Qirg‘iziston prezidenti ishchi tashrif bilan Rossiyaga bordi.

Putinni Bishkekda kutishmoqda. YI sanksiyalari e’lon qilingan kuni Japarov Kremlga bordi © Садир Жапаровнинг матбуот хизмати

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov kecha, 23-aprel kuni ishchi tashrif bilan Rossiyaga borib, prezident Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Asosiy mavzular

Uchrashuvda Qirg‘iziston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va avvalgi kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilingani bildirildi. Shuningdek, tomonlar mintaqaviy kun tartibi va ko‘p tomonlama formatdagi hamkorlik masalalari bo‘yicha pozitsiyalarini muvofiqlashtirgan.

SHHT sammitiga taklif

Sadir Japarov Vladimir Putinni Shanhay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari sammitiga taklif qilgan. Sammit 31-avgust – 1-sentabr kunlari Bishkekda o‘tkaziladi.

«Ma’lumki, biz ko‘plab xalqaro tashkilotlarda, jumladan Shanhay hamkorlik tashkilotida faol a’zomiz. Joriy yil 31-avgust – 1-sentabr kunlari Bishkekda SHHT sammiti bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan sizning tashrifingizni va sammitda ishtirokingizni intiqlik bilan kutmoqdamiz», – dedi Japarov Putinga.

Rossiya pozitsiyasi

Vladimir Putin taklif uchun minnatdorlik bildirib, integratsiya birlashmalari doirasida faol hamkorlikni davom ettirish va ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

«Men sizning yurtingizda butun delegatsiyamizni qanday mehmondo‘stlik bilan qarshi olganingizni eslayman. O‘shanda juda samarali ish olib borgan edik.

Shuni ta’kidlamoqchimanki, barcha kelishuvlarimiz bajarilmoqda. Ikki tomon jamoalari faol va jadal ishlamoqda, va bu ish natijalari Qirg‘iziston iqtisodiy o‘sish sur’atlarida o‘z aksini topmoqda», – dedi Putin.

Yakuniy natija

Muzokaralar yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikka qo‘shimcha impuls berish va barcha yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni izchil ilgari surish bo‘yicha o‘zaro intilishlarini tasdiqladi.

YI sanksiyalari

Yevropa Ittifoqi esa aynan shu kuni Qirg‘izistonga nisbatan sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi kurashish mexanizmini (anti-circumvention tool) ilk bor qo‘lladi. Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, endi Qirg‘izistonga raqamli dastur asosida boshqariladigan dastgohlar, shuningdek, marshrutizator va kommutatorlar kabi telekommunikatsiya uskunalarini eksport qilish butunlay taqiqlanadi. Bu qaror mazkur tovarlarning Qirg‘iziston orqali Rossiyaga reeksport qilinish xavfi yuqori ekani bilan izohlanmoqda.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Qirg‘iziston Yevropadan kelayotgan sanksiya ostidagi tovarlar uchun asosiy xablardan biriga aylangan edi. Tahlillarga ko‘ra, Estoniyadan Qirg‘izistonga eksport hajmi 10000 foizga, Finlyandiyadan 3100 foizga, Polsha va Germaniyadan esa 1000 foizdan ko‘proqqa oshgan. Iqtisodchilarning fikricha, Qirg‘iziston aslida Rossiyaga yo‘naltirilgan Yevropa eksportining bosh manziliga aylanib qolgan.

Теглар

Мавзуга оид