Logo

Qaysi mamlakatlarda aholi o‘z uy-joyiga ko‘proq egalik qiladi?

Бугун 19:353 дақиқа

Dunyoning yirik iqtisodiyotlari reytingda ancha past o‘rinlarni egallagan. Masalan, Germaniyada aholining atigi 41 foizi o‘z uy-joyiga ega.

Qaysi mamlakatlarda aholi o‘z uy-joyiga ko‘proq egalik qiladi?

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning Hamyonbop uy-joylar ma’lumotlar bazasi (Affordable Housing Database) ma’lumotlariga ko‘ra, uy-joyga egalik qilish darajasi aholi daromadiga qaraganda mamlakatning tarixiy uy-joy siyosati bilan ko‘proq bog‘liq.

Shaxsiy uy yoki kvartiraga ega bo‘lish an’anaviy ravishda moliyaviy barqarorlikning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Biroq uy-joy egalari ulushi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar har doim ham dunyoning eng boy davlatlari emas. Reytingda birinchi o‘rinni Slovakiya egallagan. U yerda xonadonlarning 94 foizi o‘z uy-joyiga ega. Keyingi o‘rinlarda Ruminiya va Xorvatiya joylashgan.

Umuman olganda, reytingning yuqori pog‘onalarini hozirgi va sobiq sotsialistik davlatlar egallagan. Ilk o‘ntalikdan Litva, Bolgariya, Polsha va Latviya ham o‘rin olgan. Rossiyada esa 2026-yilda Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VSIOM) o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, fuqarolarning 87 foizi o‘zlariga yoki oila a’zolariga tegishli bo‘lgan uy yoki kvartirada yashaydi. Mutaxassislar bu holatni asosan sotsialistik tizim merosi bilan izohlaydi.

rasm



Sotsialistik tuzum parchalangach, ko‘plab mamlakatlarda davlatga qarashli uy-joylar xususiylashtirilib, aholiga ancha arzon narxlarda sotildi. Natijada qisqa vaqt ichida millionlab oilalar o‘z kvartiralariga egalik qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xitoy 90 foizlik ko‘rsatkich bilan to‘rtinchi o‘rinda turadi. Mamlakatda uy-joyga egalik qilish darajasining yuqori bo‘lishiga 1990-yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli uy-joy islohoti sabab bo‘lgan. O‘sha davrda davlat o‘z tasarrufidagi kvartiralarni imtiyozli narxlarda ularda yashovchi fuqarolarga sotgan. Bu dastur natijasida ko‘chmas mulk egalari soni keskin oshdi.

Bugungi kunda uy-joy Xitoyda millionlab oilalar uchun asosiy boylik va jamg‘arma vositasi hisoblanadi. Shuningdek, ko‘chmas mulk bozori mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Qiziq jihati shundaki, dunyoning yirik iqtisodiyotlari reytingda ancha past o‘rinlarni egallagan. Masalan, Germaniyada xonadonlarning atigi 41 foizi o‘z uy-joyiga ega. Shveysariya esa 38 foizlik ko‘rsatkich bilan reytingdagi mamlakatlar orasida pastki o‘rinni egallagan.

Ekspertlar bu holatni ijara bozorining yaxshi rivojlangani bilan izohlaydi. Ushbu mamlakatlarda ijarachilar huquqlari kuchli himoya qilinadi, uzoq muddatli ijara shartnomalari keng tarqalgan va ijara shartlari nisbatan qulay. Shu sababli ko‘pchilik uchun uy sotib olish zarurat emas.

Reyting shuni ko‘rsatadiki, aholining o‘z uy-joyiga egalik qilish darajasi mamlakat boyligidan ko‘ra, davlatning uy-joy siyosati, ipoteka tizimi, xususiylashtirish tarixi va ijara bozorining rivojlanganlik darajasiga ko‘proq bog‘liq. Shu bois aholisi nisbatan kam daromadli ayrim davlatlarda uy-joy egalari ulushi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lsa, iqtisodiy jihatdan boy mamlakatlarda esa ko‘plab odamlar uy sotib olish o‘rniga uzoq muddatli ijarani afzal ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi eng qimmat uylar qaysi tumanlarda joylashgani haqida yozgan edik. Shuningdek, mana bu yerda uy-joy xaridida aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida o‘qishingiz mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

Qaysi mamlakatlarda aholi o‘z uy-joyiga ko‘proq egalik qiladi? | Vaqt.uz