Qirg‘iziston 21 tonna o‘zbek tarvuzini orqaga qaytardi

Rasmiylar mahsulot sifati emas, boshqa muammo sabab bo‘lganini bildirdi.

Qirg‘iziston 21 tonna o‘zbek tarvuzini orqaga qaytardi © 24.kg

Qirg‘izistonning O‘simliklarni kimyolashtirish, himoya qilish va karantin departamenti inspektorlari 28-may kuni «Do‘stlik» chegara punktida O‘zbekistondan olib kirilgan 21 tonna tarvuz partiyasini mamlakat hududiga kiritishga ruxsat bermadi.

Ma’lum qilinishicha, qaror tarvuzlarda zararkunandalar aniqlangani uchun emas, balki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga muvofiq majburiy markirovka qoidalariga rioya qilinmagani sababli qabul qilingan.

Natijada amaldagi fitosanitar qoidalarga asosan 21 tonna mahsulotdan iborat yuk to‘liq ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan.

Muammo nimada bo‘lgan?

O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi holatni o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mahsulot Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yetishtirilgan bo‘lib, 950 ta qadoqqa joylangan.

Tekshiruv davomida fitosanitar sertifikatda mahsulot markirovkalangani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda qadoqlarda belgilangan markirovka talablariga to‘liq rioya qilinmagani aniqlangan.

Shundan so‘ng holat nazoratga olinib, chegara punktlarida karantin ostidagi mahsulotlarni rasmiylashtirish ustidan nazoratni kuchaytirish choralari belgilangan.

Boshqa xabarlar tasdiqlanmadi

O‘zbekiston tomoni Qirg‘iziston fitosanitar xizmati bilan qo‘shimcha muloqot ham o‘tkazgan. Unda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan boshqa eksport mahsulotlari bilan bog‘liq ma’lumotlarga ham oydinlik kiritilgan.

Qirg‘iziston mutaxassislari piyoz va pista eksporti bo‘yicha tarqalgan xabarlarni tasdiqlamagan va ularni asossiz deb baholagan.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tadbirkorlarga eksport va import jarayonlarida fitosanitar talablarga qat’iy amal qilish zarurligini eslatdi. Idoraning ta’kidlashicha, bunday qoidalarga rioya etish ham milliy, ham hamkor davlatlarning fitosanitar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Теглар

Мавзуга оид