Qo‘qonlik tabib Ozarboyjonda qo‘lga olindi

Бугун 09:241 дақиқа

Bokuning markaziy klinikalaridan birida yuz bergan tartibsizliklar tufayli o‘zbekistonlik Iqbol tabib hibsga olindi.

Qo‘qonlik tabib Ozarboyjonda qo‘lga olindi

Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida «Qo‘qonlik tabib» sifatida tanilgan Iqbol Soliyev mahalliy politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Ushbu ma’lumotni Ozarboyjon huquq tartibot organlari rasman tasdiqladi.

Iqbol Soliyev Bokudagi «Bİ-ES VİP» estetik klinikasida bemorlarni o‘z uslubi — «qo‘l energiyasi» yordamida davolagan. Xabarlarga ko‘ra, tabib har bir kishidan qabul uchun 60 manat (taxminan 430 ming so‘m) miqdorida mablag‘ olgan. Klinika binosi oldida yuzlab insonlar to‘planib, katta navbatlar va tartibsizliklar yuzaga kelgan.

Klinika taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Iqbol Soliyev ushbu tibbiyot muassasasining xodimi emas. U ikki kunlik qabulxonada o‘tirgan va keyin klinikani tark etgan. Tabib o‘zini «Bionur» markazi asoschisi va bioenergiya terapevti sifatida tanishtirgan.

Eslatib o‘tamiz, Iqbol Soliyev O‘zbekistondagi faoliyati tegishli ruxsatnomalarga ega emasligi aniqlangan va xalq tabobati sohasidagi qonunchilikni buzgani uchun 15 sutkalik qamoq jazosini o‘tab chiqqan edi. Hozirda Ozarboyjon politsiyasi voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Теглар

Мавзуга оид