Logo

Qovun hidi ufurib turgan Xiva: Xorazmda «Qovun sayli» festivali bo‘lib o‘tmoqda (fotoreportaj)

Bu yilgi festival ham minglab mehmonlarni bir maydonga jamladi. Qadimiy shaharda qovunchilik an’analari va milliy madaniyat uyg‘unlashib, Xorazmning yangi qiyofasini namoyon etmoqda. Vaqt.uz muxbiri festival maydonidan reportaj tayyorladi.

Qovun hidi ufurib turgan Xiva: Xorazmda «Qovun sayli» festivali bo‘lib o‘tmoqda (fotoreportaj) © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Xivada avgustning issiq kunlari odatdagidan boshqacha o‘tmoqda. Qadimiy «Ichan qal’a» ko‘chalarida sayr qilar ekansiz, avval qulog‘ingizga karnay-surnay sadolari chalinadi. Biroz yurgach havoga tarqalgan pishgan qovun hidi sizni beixtiyor festival markaziga yetaklaydi. Shu kunlarda bu yerda o‘tkazilayotgan «Qovun sayli – 2026» oddiy qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi emas, balki turizm, gastronomiya, madaniyat va biznesni birlashtirgan katta maydonga aylandi.

xorazm 1

xorazm 01


Festival bu yil ham 7–9-avgust kunlari Xivaning ikki asosiy nuqtasi — tarixiy «Ichan qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasi hamda zamonaviy «Arda Xiva» turistik majmuasida tashkil etilmoqda.

Bu yerga mamlakatning turli hududlaridan mehmonlar, xorijlik sayyohlar, blogerlar, jurnalistlar va turizm kompaniyalari vakillari tashrif buyurgan.

qovun sayli 02

qovun sayli 2


Festival markazida joylashgan 22 ta tematik stendda Xorazmning barcha tumanlari o‘zlari yetishtirgan qovun navlarini namoyish qilmoqda. Fermerlar mehmonlarga mahalliy navlarning xususiyatlari, yetishtirish usullari va ko‘p yillik tajribalari haqida ma’lumot bermoqda.

«Qovun yetishtirish oson ish emas. Erta tongda, quyosh chiqmasdan dalaga chiqamiz. Unga o‘z bolamizdek qaraymiz, suvini vaqtida beramiz. Bu yil ob-havo yaxshi keldi, qovunlarimiz ham har yilgidan shirin, asaldek bo‘lib pishdi. Hosilimiz barakali bo‘ldi. Festivalga kelgan mehmonlar qovunlarimizni maqtasa, butun yillik charchog‘imiz bir zumda chiqib ketadi. Chet ellik mehmonlar ham hayron qolib yeyapti. Buni ko‘rib dehqon sifatida ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tariladi», — deydi festival ishtirokchilaridan biri bo‘lgan dehqon.

oziq-ovqat 3


Festival hududining yana bir gavjum nuqtasi gastronomik maydon hisoblanadi. Bu yerda shivit oshi, gumma, Xorazm nonlari va milliy shirinliklar tayyorlanmoqda. Oshpazlar ochiq maydonda taom pishiradi, karving ustalari esa qovundan nafis bezaklar yasab, mehmonlarning hayratiga sabab bo‘lmoqda.

«Xivaga birinchi kelishim. Ochig‘i, shaharning o‘zi juda go‘zal, «Qovun sayli»ga to‘g‘ri kelib qolganimdan esa juda xursandman. Bunaqa shirin hidli qovunlarni umrimda tatib ko‘rmaganman. Hamma yoqda bayramona kayfiyat, musiqa, odamlarning samimiy yuzlari... O‘zbekistonning mehmondo‘stligidan va bu takrorlanmas ta’mlardan shunchaki lol qoldim!» – deydi fransiyalik sayyoh.

turizm xorazm




Xalq o‘yinlari va sahna tomoshalari

Festival hududidagi eng gavjum joylardan biri madaniy dasturlar tashkil etilgan sahnalar bo‘ldi.

xorazm 05

xorzam 5



Folklor ansambllari, milliy qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan chiqishlar, qo‘g‘irchoq teatri va milliy liboslar namoyishi Xorazmning boy madaniy merosini namoyon etmoqda.

xorazm 6


Boshqa maydonda esa milliy kurash, belbog‘li kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish va xalq o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda. Bolalar uchun alohida ijodiy maydonchalar va fotozonalar tashkil etilgani festivalni oilaviy dam olish maskaniga aylantirgan.

Faqat bayram emas, biznes maydoni ham

Festival nafaqat madaniy tadbir, balki biznes uchun ham muhim muloqot maydoniga aylangan. Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlardan kelgan turizm kompaniyalari mahalliy turoperatorlar bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazib, yangi sayyohlik yo‘nalishlari va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Shuningdek, festival doirasida «Invest in Khorezm» xalqaro biznes forumi ham bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan 21 ta diplomatik vakolatxona va xalqaro tashkilotdan 33 nafar vakil, xorijiy investorlar, biznes va xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

G‘oliblar uchun sovrinlar

«Qovun sayli»da faol ishtirok etganlar turli nominatsiyalar bo‘yicha Xorazm viloyati hokimligi va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Bu yil g‘oliblar uchun BYD, Onix, Cobalt va Damas avtomobillari, shuningdek boshqa qimmatbaho sovg‘alar tayyorlangan.

avtomobil mukofot 7

«Qovun sayli» avvallari asosan mavsumiy bayram sifatida qabul qilingan bo‘lsa, bugun u ancha keng mazmun kasb etgan.

xorazm 8


Festival Xorazmning qovunchilik an’analari, milliy taomlari, hunarmandchiligi va turistik imkoniyatlarini bir maydonda namoyon etayotgan muhim tadbirga aylandi. Shu orqali viloyat nafaqat o‘zining mashhur qovunlarini, balki sayyohlik va iqtisodiy salohiyatini ham keng dunyoga taqdim etmoqda.

xorazm 9

Теглар

Мавзуга оид