Qozog‘iston Eronning uran zaxiralarini saqlashga tayyorligini bildirdi

Бугун 20:142 дақиқа

Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari taqdiri AQSH bilan muzokaralarning asosiy mavzusiga aylanar ekan, Qozog‘iston uni qabul qilishni taklif qildi.

Qozog‘iston Eronning uran zaxiralarini saqlashga tayyorligini bildirdi © sun'iy intelekt

Qozog‘iston AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini o‘z hududida saqlashga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi Financial Times nashriga bergan intervyusida маълум qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Grossi shu hafta Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida Eronning boyitilgan uran zaxiralari taqdiri ham muhokama qilingan. Gap 60 foizgacha boyitilgan 440 kilogramm uran haqida bormoqda. Bu zaxiraning kelajak taqdiri AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda.

Muhim masala

Financial Times ta’kidlashicha, AQSH prezidenti Donald Tramp iyun oyidagi hujumlar Eronning yadroviy dasturini «to‘liq yo‘q qilganini» bir necha bor aytgan. Biroq mutaxassislar Tehronda ushbu miqdordagi yuqori boyitilgan uran saqlanar ekan, mamlakat yadroviy qurol yaratish imkoniyatini to‘liq yo‘qotmaganini qayd etmoqda.

Avvalroq Eron bu materialni mamlakat tashqarisiga chiqarishni istamasligini bildirgan edi. Shunga qaramay, muzokara ishtirokchilari uni qayta ishlash, boyitish darajasini pasaytirish yoki uchinchi davlatda saqlash kabi variantlarni muhokama qilmoqda.

Muzokaralar davom etmoqda

Grossining ta’kidlashicha, Qozog‘iston radioaktiv materiallarni saqlash uchun zarur infratuzilmaga ega. Shu bois bunday yechim nazariy jihatdan ham Vashington, ham Tehron uchun maqbul murosa bo‘lishi mumkin.

Ekspertlar baholashicha, Eron ixtiyoridagi mazkur hajmdagi uran qo‘shimcha ravishda qurol darajasigacha boyitilsa, taxminan o‘nta yadroviy zaryad tayyorlash uchun yetarli bo‘ladi.

Hozircha Eron uran zaxiralarini mamlakat tashqarisiga chiqarish bo‘yicha rasmiy rozilik bildirmagan. Biroq muzokaralar davom etayotgani sababli turli variantlar ko‘rib chiqilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид