Qozog‘iston sudi Rossiyaning «Gazprom» ustidan Ukraina foydasiga qaror chiqardi
Ostana sudi Ukrainaning «Naftogaz» kompaniyasi da’vosini qanoatlantirib, Rossiyaning «Gazprom» konsernidan Qozog‘iston hududida majburiy mablag‘ undirish haqida qaror chiqardi.

Qozog‘iston sudi Ukrainaning «Naftogaz» kompaniyasiga shartnoma majburiyatlarini buzgani uchun Rossiyaning «Gazprom» konsernidan 1,4 milliard dollar (1,2 milliard yevrodan ortiq) miqdoridagi mablag‘ni undirishga ruxsat berdi. Bu haqda 21-may kuni Ukraina milliy aksiyadorlik kompaniyasi saytida ma’lum qilindi.
Ostanadagi sud «Naftogaz» guruhining da’vosini qanoatlantirib, Qozog‘iston hududida mablag‘larni majburiy tarzda undirishni boshlashga qaror qilgan. Ukraina kompaniyasi boshqaruvi raisi Sergey Koretskiyning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qaror alohida bir davlatda «Gazprom»ga nisbatan xorijiy sud tomonidan chiqarilgan birinchi ommaviy qaror bo‘lib, u boshqa yurisdiksiyalarda ham arbitraj qarorini ijro etish jarayonining amaliy natijasi hisoblanadi.
Nizoning kelib chiqishi va shartnoma shartlari
Ikki kompaniya o‘rtasidagi nizo «Gazprom»ning 2019 yilda tuzilgan va 2025 yil 1-yanvargacha amal qilgan Ukraina orqali gaz tranziti shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini buzishi ortidan kelib chiqqan. Kiyev tomonining tushuntirishicha, 2022 yil may oyida Rossiya kuchlarining harakatlari tufayli gaz tranzitini tashkil etish imkonsiz bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, «Naftogaz» «Sudja» kirish punkti orqali xizmat ko‘rsatishda davom etgan, biroq «Gazprom» tranzit haqini to‘liq to‘lashdan bosh tortgan.
Shveysariya arbitraji va xalqaro kampaniya
Shundan so‘ng Ukraina kompaniyasi Shveysariyada Xalqaro savdo palatasi reglamentiga muvofiq arbitraj jarayonini boshlagan. 2025 yil iyun oyida Shveysariyadagi arbitraj tribunali «Gazprom»ni to‘lovdan bosh tortishga asoslar yo‘qligi sababli javobgar deb topgan va qarzdorlik, foizlar hamda arbitraj xarajatlarini to‘lashga majbur qilgan.
«Gazprom»ning apellyatsiya shikoyatidan keyin Shveysariya Federal sudi 1,4 milliard dollardan ortiq mablag‘ni undirish haqidagi qarorni uzil-kesil tasdiqlagan. «Gazprom» majburiyatlarini ixtiyoriy bajarmagani sababli, «Naftogaz» qarzdorning aktivlarini turli mamlakatlarda undirish bo‘yicha xalqaro kampaniya olib bormoqda.
Boshqa davlatlardagi sud jarayonlari
Ukraina Prezidenti Voladimir Zelenskiy «Naftogaz» rahbari Sergey Koretskiy bilan uchrashuvdan so‘ng o‘z Telegram-kanalida xuddi shunday sud jarayonlari boshqa davlatlarda ham davom etayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Qrimda Rossiya tomonidan o‘g‘irlangan yoki yo‘q qilingan ukrain aktivlari uchun adolatli tovon puli undirishga harakat qilmoqda va hozirda o‘nta yurisdiksiyada Rossiya aktivlarini muzlatish hamda undirish bo‘yicha aniq natijalar mavjud.





