Qozog‘istonda harbiylarning biznesga kirishi cheklandi

Prezident farmoniga ko‘ra, harbiy xizmatga kirgan shaxslar 30 kun ichida daromad keltiradigan aktivlarini boshqaruvga topshirishi kerak.

Qozog‘istonda harbiylarning biznesga kirishi cheklandi © Аkorda

Qozog‘istonda shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiylar daromad keltiradigan mulklarini ishonchli boshqaruvga topshirishga majbur etildi. Bu haqdagi o‘zgartishlar prezident farmoni bilan Qurolli kuchlar ichki xizmat nizomiga kiritilgan, deb xabar beradi «Orda.kz

Endi kontraktchi xizmatga kirganidan so‘ng 30 kalendar kuni ichida daromad keltiradigan mulklarini ishonchli boshqaruvga topshirishi kerak. Gap biznes, ulushlar va foyda keltirishi mumkin bo‘lgan boshqa aktivlar haqida bormoqda. Shundan keyin harbiy kadrlar xizmatiga notarial tasdiqlangan shartnoma nusxasini taqdim etishi shart.

Harbiylar foydadan mutlaq mahrum etilmaydi

Shu bilan birga, harbiylar daromaddan to‘liq mahrum etilmaydi. Farmonga ko‘ra, ular ishonchli boshqaruvga berilgan mulkdan, shuningdek, boshqa qonuniy manbalardan foyda olishlari mumkin.

Hujjatda boshqaruvga topshirish shart bo‘lmagan aktivlar ro‘yxati ham alohida ko‘rsatilgan. Ular qatoriga pul mablag‘lari, obligatsiyalar, investitsiya fondlari paylari, aksiyalar (agar ularning ulushi ovoz beruvchi aksiyalarning 5 foizidan oshmasa), shuningdek, raqamli aktivlar kiradi.

Shuningdek, hujjatda harbiylar o‘z uy-joyini ijaraga berib, undan daromad olish huquqiga ega ekani ham qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид