Qozog‘istonning birinchi AESi qanchaga tushishi ma’lum bo‘ldi

Stansiya Olmaota viloyatida qurilishi rejalashtirilmoqda. AES qurilishi bo‘yicha konsorsium yetakchisi sifatida «Rosatom» tanlangan.

Qozog‘istonning birinchi AESi qanchaga tushishi ma’lum bo‘ldi © ixbt.kz

Qozog‘istonning birinchi atom elektr stansiyasini qurish qiymati taxminan 16,4 milliard dollarga baholanmoqda. Bu haqda mamlakatning Atom energiyasi bo‘yicha agentligi ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mablag‘ning asosiy qismi — qariyb 14,4 milliard dollar — energiya bloklarini qurish ishlariga yo‘naltiriladi. Qolgan 2 milliard dollar esa infratuzilma obyektlari, xavfsizlik tizimlari hamda kafolat davri uchun zarur yoqilg‘i ta’minotiga sarflanadi.

Stansiya Olmaota viloyatidagi Ulken qishlog‘ida barpo etiladi. Loyihani amalga oshirish uchun tuzilgan konsorsiumga «Rosatom» yetakchilik qilmoqda. Ayni paytda qurilish maydonida muhandislik va qidiruv ishlari davom etmoqda.

Uzoq muddatli loyiha

Qozog‘iston va Rossiya 2025 yilda mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini boshlagan edi. Loyihani to‘liq ishga tushirish 2035–2036 yillarga rejalashtirilgan.

Rasmiy Ostona kelajakda jami uchta atom elektr stansiyasini qurishni maqsad qilgan.

Energetika rejalari

Atom energetikasi loyihalari bilan bir qatorda Qozog‘iston an’anaviy generatsiya quvvatlarini ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Mamlakatning 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan milliy dasturiga muvofiq, sakkizta yangi elektr stansiyasi ishga tushiriladi va yana 11 ta mavjud stansiya modernizatsiya qilinadi.

Теглар

Мавзуга оид