Logo

Raqobat qo‘mitasi BAD reklamalaridagi qonunbuzarliklardan ogohlantirdi

Бугун 18:302 дақиқа

Ma’lum qilinishicha, biologik faol qo‘shimchalarni diabet, insult, gastrit va boshqa kasalliklarni davolovchi vosita sifatida reklama qilish qonun talablariga zid.

Raqobat qo‘mitasi BAD reklamalaridagi qonunbuzarliklardan ogohlantirdi © Фото: Shutterstock

So‘nggi vaqtlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda biologik faol qo‘shimchalar (BAD), malham, surtma, balzam, damlama hamda mineral suvlarni turli kasalliklarni davolash vositasi sifatida targ‘ib qiluvchi reklamalar ko‘paygan. Raqobat qo‘mitasi bunday reklamalar yuzasidan ogohlantirish berdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ayrim reklamalarda ushbu mahsulotlar diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya va boshqa kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida ko‘rsatilmoqda.

Bu esa iste’molchilarda BADlar dori vositasi ekanligi haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga olib kelishi mumkin.

Vaholanki, vakolatli organlar xulosasiga ko‘ra, biologik faol qo‘shimchalarning asosiy vazifasi organizmning foydali moddalarga bo‘lgan kundalik ehtiyojini qondirishdan iborat. Ular dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan.

BAD reklamasiga qanday talablar qo‘yilgan?

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 35-moddasiga muvofiq, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bir qator talablarga javob berishi kerak.

Jumladan, reklama:

●     mahsulot dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega degan taassurot uyg‘otmasligi;

●     odamlarning ushbu mahsulotdan foydalanib davolangani yoki ahvoli yaxshilangani haqidagi holatlarga havola qilmasligi;

●     fuqarolarning minnatdorchiligi yoki tavsiyalarini o‘z ichiga olmasligi;

●     sog‘lom ovqatlanishdan voz kechishga undamasligi;

●     tadqiqotlar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi ma’lumotlar orqali mahsulot dori vositalaridan ustun degan tasavvur uyg‘otmasligi lozim.

Shuningdek, bunday reklamalarning har birida «Ushbu mahsulot dori vositasi emas» mazmunidagi ogohlantirish bo‘lishi shart.

Qo‘mita reklama beruvchilar va tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga rioya qilishga, iste’molchilarni chalg‘ituvchi va asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

Raqobat qo‘mitasi BAD reklamalaridagi qonunbuzarliklardan ogohlantirdi | Vaqt.uz