Ronaldu jarimaga tortildi
Krishtianu olti oygacha diskvalifikatsiya qilinishi mumkin edi. Biroq u bir oyga chetlatildi.
© Getty ImagesPortugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu milliy jamoa yig‘inini ruxsatsiz tark etgani uchun 30 kunga o‘yinlardan chetlatildi va 255 yevro jarimaga tortildi. Bu haqda Portugaliya futbol federatsiyasining intizom kengashi qaror chiqargan.
Ronaldu 30-sentabr kuni Kopengagendagi terma jamoa yig‘inini tark etgan. Bunga bosh murabbiy Jorje Jezush bilan o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan.
Futbolchi olti oygacha diskvalifikatsiya qilinishi mumkin edi. Murabbiy Norvegiyaga qarshi avvalgi o‘yinda Ronalduni zaxirada qoldirgan, biroq uchrashuv davomida unga maydonga tushish uchun tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan. Keyinchalik Jezush matbuot anjumanida futbolchi Norvegiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushmagani va Daniyaga qarshi bahsda ham o‘ynamasligini aytgan.
Shundan so‘ng Ronaldu terma jamoa qarorgohini tark etgan.
Futbolchi keyinroq murabbiy uning ishonchini ikki marta oqlamaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, murabbiy uni o‘yinga tushirmagan va voqea haqida va’da qilganidek, omma oldida tushuntirish bermagan.
Shu bilan birga, Ronaldu terma jamoa va muxlislardan uzr so‘ragan. U milliy jamoadagi faoliyatini yakunlash niyati yo‘qligini ham bildirgan.
Besh karra «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida 234 ta o‘yinda maydonga tushib, 146 ta gol urgan.
Portugaliya terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini 14-noyabr kuni Daniyaga qarshi o‘tkazadi. Sentyabr oyidagi voqea uchun berilgan jazo muddati bu uchrashuvgacha o‘tib bo‘lgani sababli Ronaldu ushbu bahsda ishtirok etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov «Everton» klubini sotib olmoqchiligi haqida yozgan edik.

