Rossiya migrantlarni mamlakatga kirishdan oldin tekshirmoqchi
Rossiya mehnat migrantlarini nazorat qilish tizimini o‘zgartirishga tayyorlanmoqda. Yangi tartib chet elliklar uchun mamlakatga kirishdan oldin boshlanishi mumkin.
© Фото: © Дмитрий Рогулин/ ТАССRossiya Ichki ishlar vazirligi migratsiya sohasida yangi mexanizmlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Ular orasida migratsiya xablari tarmog‘ini tashkil etish hamda chet el fuqarolarini Rossiyaga kelmasidan oldin tekshirish tizimi ham bor.
Bu haqda Rossiya IIV Chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish va fuqarolik masalalari bo‘yicha xizmati migratsiya xavfsizligi departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksey Yegorov Xalqaro xavfsizlik forumida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarni dastlabki tekshirish ham Rossiya hududida, ham ularning o‘z mamlakatlarida tashkil etiladigan maxsus tayyorgarlik markazlari orqali amalga oshiriladi.
Elektron karta nima beradi?
Yangi tizimning asosiy elementlaridan biri elektron ma’lumot tashuvchiga ega identifikatsiya kartasi bo‘ladi.
U chet el fuqarolariga Rossiyaga kirishidan avval rasmiylashtirilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, karta egasining biometrik ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi va shaxsni tasdiqlash vositasi sifatida xizmat qiladi. Shuningdek, mehnat shartnomasini tuzishda ham ushbu hujjat asosiy vositalardan biriga aylanishi mumkin.
Karta orqali migrant haqidagi zarur ma’lumotlarni yagona tizimda jamlash ko‘zda tutilgan.
Nazorat kuchaytiriladi
Aleksey Yegorovning ta’kidlashicha, Rossiya uchun asosiy vazifalardan biri mamlakatda noqonuniy yashab yurgan chet elliklar sonini qisqartirish hisoblanadi.
Shu bilan birga, hukumat tashkillashtirilgan qabul orqali jalb qilinadigan xorijiy ishchilar ulushini oshirishni ham rejalashtirmoqda.
Hozircha migratsiya xablari qachon ishga tushirilishi va elektron identifikatsiya kartalarini berish qachon boshlanishi haqida rasmiy muddatlar e’lon qilinmagan.





