Logo

Rossiyada mehnat migratsiyasini nazorat qilishning yangi «yopiq» modeli joriy etiladi

Бугун 11:253 дақиқа

Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha analitik markazni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. 2027-yil 1-yanvardan boshlab migrant o‘z oilasining har bir ishlamaydigan a’zosi uchun davlatga qo‘shimcha soliq to‘laydi. Putin yangi modelni «madaniyatli va tartibli usul» deb atadi.

Rossiyada mehnat migratsiyasini nazorat qilishning yangi «yopiq» modeli joriy etiladi © old.asiaplustj.info

Rossiyaga borgan ishchilarning ishlamaydigan oila a’zolarining mamlakatga borishi cheklanadi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Migratsiya xizmati boshlig‘i Andrey Kikot Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab migrant o‘z oilasining har bir ishlamaydigan a’zosi uchun davlatga qo‘shimcha soliq to‘laydi. Ish beruvchilar xorijliklarni uy-joy va ish joyigacha olib borib-kelish transporti bilan ta’minlashi shart bo‘ladi. Kikotning aytishicha, mehnat migrantlarini tashkil etilgan holda ishga jalb qilish tizimini isloh qilish rejalashtirilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, islohot uch bosqichda amalga oshiriladi va har bir bosqich ikki yilga mo‘ljallangan.

«Bizda yopiq tizim bo‘lishi kerak: uy — ish — uy», — deya tushuntirdi u.

Mehnat shartnomasi tugaganidan so‘ng migrant xuddi shu tartibda o‘z vataniga qaytishi kerak bo‘ladi.

«Yangi tartib bir vaqtning o‘zida mehnat migrantlarining qonuniy huquqlarini ta’minlashi va ularning Rossiyada bo‘lishini nazorat qilishni kuchaytirishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi Ichki ishlar vazirligi vakili.

Rossiya hukumati qariyb 200 ming nafar xorijlikning mamlakatga kirishini chekladi. Bundan tashqari, taxminan 800 ming kishi migratsiya qonunchiligini buzgan va nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilgan.

2027-yildan boshlab vazirlik noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha analitik markazni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Noqonuniy migrantlarni aniqlash uchun neyron tarmoqlardan foydalaniladi. Markazni sun’iy intellekt tizimlari bilan jihozlash va unda chegara xizmati, migratsiya nazorati, yuzni aniqlash kameralari, ish beruvchilar hamda davlat organlarining ma’lumotlarini birlashtirish rejalashtirilgan.

Rossiyaga har yili taxminan 9 million nafar xorijlik boradi. Bir vaqtning o‘zida mamlakat hududida 6–6,5 million kishi bo‘ladi. Shundan taxminan 3 million nafari mehnat migrantlari hisoblanadi.

Vladimir Putinning ta’kidlashicha, tashkil etilgan va maqsadli ishga qabul qilish tizimida nafaqat ish beruvchi va Rossiyaning manfaatlari, balki mehnat migrantlarining qonuniy huquqlari ham hisobga olinishi kerak.

U, shuningdek, mehnat migratsiyasi masalasini hal qilishda hukumat uchun birinchi navbatda Rossiya fuqarolari va mahalliy aholining manfaatlari muhim ekanini ta’kidladi.

Prezidentning aytishicha, xorijliklarni ishga olishning yangi maqsadli tizimi migrantlarning qonuniy huquqlarini ham ta’minlaydi.

«Qonunga ko‘ra, ish beruvchi — yirik yoki o‘rta hajmdagi korxona bo‘lishidan qat’i nazar — migrantlarni maxsus ajratilgan uy-joy bilan ta’minlashi, shuningdek ularni ishga olib borish va ishdan uyiga qaytarish uchun transport tashkil qilishi shart bo‘ladi. Ya’ni, bizda uy — ish — uy tarzidagi yopiq tizim bo‘ladi. Mehnat shartnomasi tugagach, migrant xuddi shu tartibda o‘z vataniga qaytadi. Bu — madaniyatli va tartibli usul», — dedi Putin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mehnat migrantlari keladigan davlatlar rahbarlari ham Rossiya migrantlarni ko‘chib kelishga oldindan tayyorlash jarayonida ishtirok etishidan manfaatdor.

Shu sababli Putin Migratsiya xizmatiga bu masala bo‘yicha hukumat bilan tegishli ishlarni boshlashni topshirdi.

Теглар

Мавзуга оид