Rossiyadan O‘zbekistonga suyultirilgan gaz eksporti 3,5 barobar oshdi

O‘zbekiston Rossiyadan 231 ming tonna propan va butan import qilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan xarid hajmini 3,5 barobarga oshirdi.

Rossiyadan O‘zbekistonga suyultirilgan gaz eksporti 3,5 barobar oshdi © «Xududgaz’ta’minot»

«Kommersant» nashri Kept konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2026 yil yanvar–aprel oylarida Rossiyaning umumiy suyultirilgan gaz eksporti 27 foizga o‘sib, 1,43 mln tonnaga yetgan. Shundan 537 ming tonnasi Markaziy Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi o‘sish 71 foizni tashkil etgan.

Gaz eksporti oshishining asosiy sababi

O‘zbekiston mintaqadagi eng yirik importyorlardan biriga aylandi. Shu bilan birga, Rossiyaning Xitoyga suyultirilgan gaz eksporti ham qariyb 2,5 barobar oshib, 498 ming tonnaga yetgan. Mutaxassislar bu holatni Yaqin Sharqdagi keskinlik ortidan dengiz orqali yetkazib berish qisqargani va jahon bozorida narxlar ko‘tarilgani bilan izohlamoqda.

Ichki bozor narxi

Rossiya ichki bozorida ham propan va butan narxlari keskin o‘zgardi. Mart oyi boshida bir tonna gazning birja narxi 21,85 ming rublgacha ko‘tarilgan bo‘lsa, may oyi oxiriga kelib 17,79 ming rublgacha tushdi. Bu mart oyidan keyingi eng past ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.

«Proleum» treyderi rahbari Maksim Dyachenko narxlar pasayishini Rossiya ichki bozorida taklif ortib ketgani va eksport imkoniyatlari cheklangani bilan bog‘ladi. «Rupec» tahlil markazi rahbari Dmitriy Semyagin esa eksportni kengaytirishga terminallar yetishmasligi, vagon-sisternalar tanqisligi va chegaralardagi uzoq to‘xtab qolishlar to‘sqinlik qilayotganini aytdi.

O‘zbekiston chakana bozor narxi

O‘zbekistonda esa aprel oyida propanning chakana narxi martga nisbatan 2,8 foizga arzonlagan. Shu bilan birga, yillik hisobda suyultirilgan gaz narxi 16,7 foizga oshgan.

Mart oyida Raqobat qo‘mitasi 31 ta propan yetkazib beruvchi kompaniyani sun’iy narx oshirish va yoqilg‘i hajmini qisqartirish uchun 63 mlrd so‘m jarimaga tortgan edi.

Теглар

Мавзуга оид