Logo

Rossiyaliklar safarbarlikdan Armanistonga qochmoqda: Yerevanda ijara narxlari 30 foizga oshib ketdi

Бугун 11:503 дақиқа

Rossiyada kuzgi Davlat dumasi saylovlaridan so‘ng ommaviy safarbarlik e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu haqdagi tinimsiz mish-mishlar ortidan rossiyaliklar yana yoppasiga Armanistonga ko‘chib o‘ta boshladi. Mahalliy rieltorlar hozirgi vaziyatni 2022-yilning marti, ya’ni Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlangan davr bilan taqqoslamoqda.

Rossiyaliklar safarbarlikdan Armanistonga qochmoqda: Yerevanda ijara narxlari 30 foizga oshib ketdi © Foto: haqqin.az

«Vyorstka» nashrining yozishicha, so‘nggi haftalarda Armanistonda ijara uylariga bo‘lgan talab keskin ortgan va bu Yerevanda uylar narxining sezilarli oshishiga olib kelgan. Qayd etilishicha, rieltorlarning asosiy mijozlari — mamlakatga yaqinda ko‘chib kelgan yoki avgust va sentabr oylarida ko‘chib kelishni rejalashtirayotgan Rossiya fuqarolari hisoblanadi.

Yerevanda ijara bozori «qizib ketdi»

Oxirgi uch oy ichida Yerevanda ijara narxlari 30 foizga qimmatlagan. Mutaxassislar bu o‘sishni Armanistonga kirib kelayotgan rossiyaliklarning yangi to‘lqini bilan izohlamoqda.

«Talab juda yuqori. Yerevan ko‘chmas mulk bozoridagi hozirgi vaziyat tufayli narxlar aql bovar qilmas darajada oshib ketdi», — deydi nashr suhbatdoshlaridan biri.

Boshqa bir rieltorning ta’kidlashicha, mijozlar tarkibi ham o‘zgargan. Agar 2024–2025 yillarda asosiy mijozlarni allaqachon Armanistonda yashayotgan va shunchaki boshqa ijara uyiga ko‘chayotgan emigrantlar tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda murojaat qiluvchilarning aksariyati yangi kelayotganlardan iborat.

«Murojaatlarning 80 foizi yaqinda ko‘chib kelgan yoki endi kelishga hozirlik ko‘rayotganlarga tegishli. Talab juda katta. Umuman olganda, hozirgi vaziyatni 2022 yildagi holat bilan bemalol solishtirish mumkin», — dedi u.

Ko‘chib o‘tuvchilarning faol oqimi may bayramlaridan so‘ng boshlangan bo‘lib, murojaatlar soni hanuz oshib bormoqda. Aynan shu davrda Rossiyada ommaviy safarbarlikka hozirlik ko‘rilayotgani haqidagi gap-so‘zlar tarqala boshlagan edi.

Ko‘chmas mulk izlashga mo‘ljallangan ommabop Telegram-chatlarda har kuni rossiyaliklar tomonidan o‘nlab e’lonlar joylanmoqda. Ularning aksariyati ayni paytda Armanistonda bo‘lib turgan yoki avgust oxiri — sentabr oylarida ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotgan fuqarolardir. Uy-joy qidirayotganlar orasida bolali oilalar, er-xotinlar va yolg‘iz erkaklarni ko‘rish mumkin. Foydalanuvchilar uy-joyni uzoq muddatli ijaraga olish bo‘yicha e’lonlar bermoqda, ayrimlar esa ijara pulini bo‘lishish uchun o‘ziga sherik izlamoqda.

«Metrы v dramax» kanali mualliflarining qayd etishicha, bozorda yaxshi sharoitga ega uylar deyarli qolmagan, hozirgi vaziyat esa 2022 yil yozidagi holat bilan tenglashib ulgurgan. O‘shanda Ukrainadagi harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng Armaniston rossiyaliklar ko‘chib o‘tadigan asosiy yo‘nalishlardan biriga aylangan edi.

Safarbarlik haqidagi xabarlar talabni oshirdi

«Yandeks Vordstat» ma’lumotlariga ko‘ra, «Yerevanda xonadonlar» qidiruv so‘roviga bo‘lgan qiziqish 2026 yil bahorida keskin o‘sa boshlagan. Jumladan, 13–19-iyul kunlari 5 200 ta so‘rov qayd etilgan bo‘lib, bu 2022 yil mart oyining birinchi haftasidagi ko‘rsatkichdan (o‘shanda qariyb 5 000 ta so‘rov bo‘lgan) oshib ketgan. Shu bilan birga, bu boradagi mutlaq rekord 2022 yil kuzidagi qisman safarbarlik vaqtida qayd etilgan — o‘shanda 19–25-sentabr kunlari bir hafta ichida so‘rovlar soni qariyb 10 000 taga yetgan.

«Google Trends» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yozida rossiyaliklarning Yerevandan ijara uy qidirishga bo‘lgan qiziqishi Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlangan va Rossiyada safarbarlik e’lon qilingan davrdagi ko‘rsatkichlarga tenglashgan.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan hafta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyada yana ommaviy safarbarlik e’lon qilinishi haqida navbatdagi bayonotini берган эди. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevda buni tasdiqlovchi «ishonchli razvedka ma’lumotlari mavjud» va Kreml armiyaga 500 ming kishini jalb etishga hozirlik ko‘rmoqda.

Rossiya hukumati vakillari esa deyarli har kuni bunday mish-mishlarni rad etish bilan band. Xususan, navbatdagi shunday raddiyalarni Davlat dumasining Mudofaa qo‘mitasi a’zosi, general-leytenant Viktor Sobolev, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev hamda prezidentning Ural federal okrugidagi muxtor vakili Artyom Joga bildirdi.

Теглар

Мавзуга оид