Rossiyaning harbiy xarajatlari 190 mlrd dollarga yetib, SSSR davridan beri rekord o‘rnatdi — SIPRI

Бугун 07:552 дақиқа

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Rossiya armiyaga sarflayotgan mablag‘larini urushdan oldingi davrga nisbatan 96 foizga oshirdi. Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisob-kitoblariga ko‘ra, bu zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Rossiyaning harbiy xarajatlari 190 mlrd dollarga yetib, SSSR davridan beri rekord o‘rnatdi — SIPRI

Rossiyaning harbiy xarajatlari 2025-yilda 190 mlrd dollarga yetdi. Bu har oyda o‘rtacha 15,8 mlrd dollar yoki har soatda qariyb 22 mln dollar sarflanganini anglatadi. SIPRI ekspertlarining ta’kidlashicha, mamlakat tarixida ilk bor davlat xarajatlarining 20 foizi bevosita armiyaga yo‘naltirildi. Agar yashirin va bilvosita harbiy xarajatlarni ham qo‘shsak, Kreml federal budjetning 38 foizi (qariyb 16 trln rubl)ni mudofaa va xavfsizlik uchun sarflagan.

Bu mablag‘lar aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlaridan 2,5 baravar, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘lardan esa 3,6 baravar ko‘pdir. Taqqoslash uchun: Rossiya armiyasining bir yillik xarajati butun oliy ta’lim tizimi uchun ajratilgan 8,5 yillik budjetga teng. Ushbu ko‘rsatkichlar bilan Rossiya harbiy budjet hajmi bo‘yicha dunyoda AQSH (954 mlrd dollar) va Xitoydan (336 mlrd dollar) keyin uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

 

Arzon qurollarga o‘tish strategiyasi

Shu bilan birga, SIPRI tahlilchilari Rossiyaning harbiy xaridlarida strategik o‘zgarishlar yuz berayotganini qayd etmoqda. Ukrainadagi to‘qnashuv uzoq davom etuvchi «depsingan urush»ga aylanib qolgach, Moskva operatsion xarajatlarni kamaytirish maqsadida arzonroq qurol tizimlariga e’tibor qarata boshladi. Xususan, qimmatbaho samolyotlar va bronetexnika yo‘qotishlarining o‘rnini to‘ldirish uchun dronlardan foydalanish ko‘lami keskin kengaytirildi.

Iqtisodiy bosim va sanksiyalarga qaramay, Rossiya hozircha harbiy xarajatlarni oshirishda davom etmoqda. Biroq budjetdagi yashirin moddalarning ulushi 79 foizgacha ko‘tarilgani moliyaviy shaffoflikning yo‘qolayotganidan dalolat beradi.

Ekspertlarning fikricha, bunday ulkan harbiy yuk uzoq muddatda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari, ayniqsa sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarining rivojlanishini sekinlashtiruvchi asosiy omilga aylanadi.

Теглар

Мавзуга оид