Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari 200 mingdan oshdi

25.02.2026 | 08:252 дақиқа

Ochiq manbalar tahliliga ko‘ra, Ukrainada halok bo‘lgan Rossiya harbiylari soni 200 186 nafarga yetdi, 2025 yil esa janglardagi eng qonli yil bo‘lishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari 200 mingdan oshdi

Ukrainadagi urush davomida Rossiya qurolli kuchlarining tasdiqlangan yo‘qotishlari 200 186 nafarga yetdi. Bu haqda «BBC rus xizmati» va «Mediazona» ochiq ma’lumotlar asosida hisob-kitob keltirdi.

Eng katta yo‘qotishlar ko‘ngillilar orasida qayd etilgan — 74 ming 316 nafar yoki umumiy ko‘rsatkichning 37 foizi. Keyingi o‘rinda shartnoma asosida xizmat qilganlar — 38 ming 847 nafar, mahkumlar — 21 ming 405 nafar va safarbar qilinganlar — 17 ming 940 nafar. 44 ming 818 holatda harbiyning maqomi aniqlanmagan.

Urushda halok bo‘lganlarni nomma-nom ushbu saytda ko‘rish mumkin. 

Hududlar kesimi

Eng ko‘p yo‘qotishlar Boshqirdiston (9 331 nafar), Tataristondan (7 585 nafar) va Sverdlovsk oblastidan (6 700 nafar) ekani aniqlangan. Keyingi o‘rinlarda Krasnodar o‘lkasi va Chelyabinsk oblasti turibdi.

Moskvada esa har 10 ming erkak aholiga to‘g‘ri keladigan yo‘qotishlar eng past — jami 2 437 nafar. Buryatiya va Tuva kabi iqtisodiy jihatdan zaif hududlarda bu ko‘rsatkich Moskvaga nisbatan 27 va 33 barobar yuqori.

 

2025 yil rekord bo‘lishi mumkin

Jurnalistlar ta’kidlashicha, 2025 yil urush davomidagi eng qonli yilga aylanishi mumkin. Hozircha 49 ming 935 nafar halok bo‘lgani tasdiqlangan, ammo qayta ishlanmagan nekrologlar soni o‘n minglab ekani aytilmoqda. Dastlabki bahoga ko‘ra, yil yakunida bu raqam 90 mingdan oshishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon qariyb 7 ming ofitser halok bo‘lgan, shularning 77 foizi kichik qo‘mondonlik bo‘g‘iniga to‘g‘ri keladi. 13 general o‘limi ham tasdiqlangan. Vashingtondagi «Center for Strategic and International Studies» hisobotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 325 ming nafargacha yetishi mumkin, yaralanganlar bilan birga umumiy yo‘qotishlar 1,196 mln nafarni tashkil etgan.

Теглар

Мавзуга оид