Logo

Samarqandda yangi qurilgan temir yo‘l dambasi o‘pirilib tushdi

Кеча 21:402 дақиқа

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ relslarning tayanchsiz qolishiga olib kelgan mazkur holatni kuchli yog‘ingarchilik va Zarafshon daryosining toshishi bilan izohlamoqda.

Samarqandda yangi qurilgan temir yo‘l dambasi o‘pirilib tushdi © Foto: zamin.uz

3-iyul kuni Samarqand viloyatining Toyloq tumanidan o‘tuvchi yangi qurilgan «Samarqand – Urgut» temir yo‘lining bir qismi Zarafshon daryosi toshishi oqibatida shikastlandi. Suv temir yo‘l o‘tkazilgan dambani yuvib ketishi natijasida relslar tayanchsiz qolgan. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ma’lum qildi.

Rasmiy munosabatda yangi qurilgan infratuzilmaning zarar ko‘rishi tabiiy omillar bilan izohlangan. Qayd etilishicha, so‘nggi kunlardagi yog‘ingarchilik oqibatida daryoda suv sarfi me’yoriy 80–100 m³/s o‘rniga 300 m³/s gacha oshib, o‘zan temir yo‘l tomon 30–40 metrgacha kengaygan.

«So‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin kuchaydi. Buning oqibatida daryo qirg‘oqlarini yuvib ketib, ayrim hududlarda o‘zan yo‘nalishi o‘zgardi. Hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining me’yoriy 80–100 m³/s o‘rniga keskin oshib, 300 m³/s gacha yetgani sabab bo‘ldi. Oqibatda daryo o‘zani temir yo‘lga yaqin hududlarda 30–40 metrgacha kengayib, o‘zanga yaqin joylashgan temir yo‘lning ma’lum qismiga zarar yetdi. Mazkur gidrologik holat so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan», - deyiladi xabarda.

Tiklash ishlari

Ta’kidlanishicha, ayni paytda hodisa joyida qirg‘oqni xarsang toshlar bilan mustahkamlash va temir yo‘l qatnovini tiklash ishlari olib borilmoqda. Jarayonga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. Shuningdek, 30 ta dumpkar vagon orqali xarsang toshlar yetkazib berilgan. Shuningdek, zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirilgan.

Qayd etilishicha, hozirda temir yo‘l qatnovini imkon qadar qisqa muddatda to‘liq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Temir yo‘l qatnovini qisqa muddatda to‘liq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani bildirilgan.

Теглар

Мавзуга оид