Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda hududlar reytingi e’lon qilindi

06.03.2026 | 09:391 дақиқа

2026-yil yanvar oyida O‘zbekistonda 85,1 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, hududlar reytingida Navoiy viloyati birinchi o‘rinni egalladi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda hududlar reytingi e’lon qilindi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sanoat ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha hududlar orasida Navoiy viloyati yetakchilikni saqlab qoldi.

Hisobotga ko‘ra, Navoiy viloyatida bir oy davomida 27,1 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha eng yuqori natija bo‘lib, sanoat salohiyati va yirik korxonalar faoliyati yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Ikkinchi o‘rinni Toshkent shahri egalladi. Poytaxtda yanvar oyida 13,9 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi. Uchinchi o‘rinda esa 12,2 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan Toshkent viloyati qayd etildi.

Shuningdek, sanoat ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati 4,4 trln so‘m, Samarqand viloyati 3,8 trln so‘m va Farg‘ona viloyati 3,5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish bilan qayd etildi. Buxoro viloyatida 3,2 trln so‘m, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida esa 2,8 trln so‘mdan sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi.

Eng kam sanoat mahsulotlari ishlab chiqargan hudud

Jizzax viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmi 2,5 trln so‘mni tashkil etdi. Sirdaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 2,4 trln so‘m bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,1 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Hisobotda qayd etilishicha, Xorazm viloyatida 1,9 trln so‘m, Surxondaryo viloyatida esa 1,1 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan. Umuman olganda, mamlakatda sanoat ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi yirik sanoat markazlari va resurslarga boy hududlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Теглар

Мавзуга оид