«Saudi Aramco» Ukraina dronlarini sotib olish bo‘yicha muzokara olib bormoqda

Бугун 15:142 дақиқа

Dunyodagi eng yirik neft eksportyori Eron hujumlaridan himoya qilish uchun Ukrainada ishlab chiqarilgan dronlarni xarid qilishni muhokama qilmoqda. Hozircha 11 ta davlat Ukraina texnologiyalariga qiziqish bildirdi.

«Saudi Aramco» Ukraina dronlarini sotib olish bo‘yicha muzokara olib bormoqda

Saudiyaning yirik neft kompaniyasi «Saudi Aramco» (dunyodagi eng yirik neft eksportyori) o‘z qazilmalarini Eron dronlaridan himoya qilish uchun Ukrainada ishlab chiqarilgan tutib qoluvchi dronlarni xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib boryapti. Bu haqda kecha, 12-mart kuni manbalarga tayanib, «The Wall Street Journal» xabar berdi.

Muzokaralar ikki Ukraina ishlab chiqaruvchisi – «SkyFall» va «Wild Hornets» bilan olib borilmoqda. Ularning qurilmalari dushman dronlarini to‘sish yoki yaqinlashganda portlatish orqali yo‘q qilishi mumkin.

Shu bilan birga Saudiya hukumati Ukrainaning «Phantom Defense» kompaniyasi bilan radioelektron kurash tizimlarini xarid qilishni ham muhokama qilmoqda, bu dronlarning aloqasini bunday tizimlar orqali buzish imkonini beradi. «WSJ» manbalariga ko‘ra, «Saudi Aramco» o‘z hukumati va mintaqaviy raqiblaridan, jumladan Qatardan, xaridlarda ortda qoldirmaslikka harakat qilmoqda.

Ukraina ishlab chiqaruvchilariga qiziqish

Ukraina texnologiyalariga qiziqish Fors ko‘rfazi energetika infratuzilmasiga Erondan qilingan hujumlardan so‘ng sezilarli darajada ortdi. 7-mart kuni Eron droni Saudiyaning «Berry oil field» qazilmasiga zarba berdi. Bungacha esa «Ras Tanura refinery» va boshqa «Saudi Aramco» obyektlari hamda Qatar, Kuvayt, Bahrayn va BAAning energetika infratuzilmasi hujum ostida bo‘lgan.

Kiyev esa Yaqin Sharq davlatlari bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni faollashtirdi. 8-mart kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning xabar berganicha, Ukraina mutaxassislari Vashington so‘rovi asosida dronlar bilan Amerika bazalarini himoya qilish uchun Iordaniyaga yuborilgan. Zelenskiyning aytishicha, Ukrainaga hamkorlik bo‘yicha rasman 11 davlat murojaat qilgan, jumladan Eron bilan qo‘shni mamlakatlar, bir qator Yevropa davlatlari va AQSH.

«WSJ» qayd etadiki, hozircha Ukraina dron ishlab chiqaruvchilari eksport uchun yetarli hajmda mahsulot yetkazib bera oladimi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davom etayotgan sharoitida Kiyev bunga ruxsat beradimi – aniq emas. Rossiya 2022 yildan beri deyarli har kuni Eronda ishlab chiqilgan «Shahed» kamikadze dronlari bilan Ukrainaga hujum qiladi.

Теглар

Мавзуга оид