Logo

Shavkat Mirziyoyev: O‘zgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va oliyjanob xalqimiz

Prezident Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirdi.

Shavkat Mirziyoyev: O‘zgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va oliyjanob xalqimiz © Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat rahbari yig‘ilganlarni mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklar ekan, o‘tgan davr tarix uchun qisqa bo‘lsa-da, asrga tatigulik ekanini ta’kidladi.

«35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar o‘zining ko‘lami, asrga tatigulik davr bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi», – dedi Mirziyoyev. 

Ushbu o‘zgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va oliyjanob xalqimiz ekani ta’kidlandi. Prezident mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-ro‘z yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga ta’lim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylar, asrayotgan shifokorlar mehnatida namoyon bo‘lishini qayd etdi. 

Shuningdek, ilm-fan taraqqiyotiga yangi g‘oya va kashfiyotlar olib kirayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi hamda arxitektorlarning hissasiga alohida to‘xtaldi.

Prezident mustaqillikning kuch-qudrati madaniyat, san’at va sportni rivojlantirish yo‘lida xizmat qilayotgan insonlarning mahoratida, islohotlar ijrosini har bir mahalla va har bir xonadonga yetkazayotgan davlat xizmatchilarining mehnatida ham namoyon bo‘lishini ta’kidladi. 

Joylarda odamlarni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirayotgan nuroniylar va mahalla faollari, xalq osoyishtaligi hamda Vatan tinchligini ta’minlayotgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining jasorati alohida qayd etildi. 

«Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi, bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir!» – dedi Mirziyoyev.

Fidoyi va bunyodkor vatandoshlarimiz, mustaqillikning eng katta kuchi va tayanchi bo‘lgan butun xalqimizga chuqur minnatdorchilik bildirildi. 

Prezident inson qadri ulug‘langan, adolat va taraqqiyotga tayangan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan xalq bilan birgalikda dadil borilayotganini ta’kidladi.

Теглар

Мавзуга оид