Shveysariya sudi Gulnora Karimova ustidan sud ishini to‘xtatdi

Shveysariya Federal jinoiy sudi Gulnora Karimovaga qarshi pul yuvish ishini protsessual sabablar tufayli to‘xtatdi.

Shveysariya sudi Gulnora Karimova ustidan sud ishini to‘xtatdi

Gulnora Karimovaga qarshi ishni Shveysariya Federal jinoiy sudi rasman to‘xtatdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Sud ma’lumotiga ko‘ra, ayblanuvchiga o‘z vaqtida mamlakatni tark etish imkoniyati berilmagani ishni ko‘rib chiqishga jiddiy to‘siq bo‘lgan. Shu sababli sud jarayonini davom ettirish imkonsiz deb topildi.

Gulnora Karimovaning advokati Greguar Manja fikricha, mijozining sudda qatnashish imkoniyati bo‘lmagani hal qiluvchi omil bo‘lgan.

«Bugun Shveysariya Federal jinoiy sudi tomonidan mijozimiz Gulnora Karimova foydasiga chiqarilgan ishni tugatish qarori Shveysariya qonunchiligiga muvofiq oqlovga tengdir. Sud ishni davom ettirish uchun jiddiy to‘siq mavjud deb topdi», dedi uning advokati Greguar.

Ayni paytda Karimova O‘zbekistonda jazo o‘tamoqda va 2028 yil dekabrigacha qamoqda qolishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati ham o‘sha yilda tugashi mumkin.

Ayblovlar va tergov

Tergov materiallariga ko‘ra, Karimova 2005–2013 yillarda «The Office» jinoiy tuzilmasi orqali yuzlab million dollar mablag‘ni Shveysariya hisoblariga o‘tkazganlikda ayblangan.

Shuningdek, u O‘zbekiston bozoriga kirishni istagan xalqaro telekommunikatsiya kompaniyalaridan pora olganlikda gumon qilingan. Ushbu ish Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan 2012 yilda ochilgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2013 yilda Karimovaga nisbatan O‘zbekistonda ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari boshlangan.

Xalqaro moliyaviy fon

2019 yilda Toshkent shahar sudi Karimovani 13 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum etgan. Shuningdek, 2019-yil mart oyida AQSH Gulnora Karimova va «O‘zdunrobita»ning sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni korrupsiya va 865 million dollardan ko‘proq pulni «yuvgan»likda ayblagandi.

Shveysariyada uning hisoblaridagi aktivlar muzlatilgan. Keyinchalik ushbu mablag‘larning bir qismini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Теглар

Мавзуга оид