Shveysariyada aholi sonini 10 million bilan cheklash bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda
Shveysariya fuqarolari mamlakat aholisi sonini 2050 yildan keyin 10 million kishidan oshirmaslik tashabbusi bo‘yicha ovoz bermoqda.

Shveysariyada bugun bir vaqtning o‘zida ikki muhim masala — umumiy fuqarolik xizmati islohoti va aholi sonini cheklash bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda. Eng ko‘p muhokama qilinayotgan tashabbuslardan biri mamlakat aholisi sonini 2050 yildan keyin 10 million nafar bilan cheklashni nazarda tutadi.
Asosiy maqsad
Tashabbus uy-joy yetishmasligi, ijtimoiy infratuzilmaga ortib borayotgan yuklama va aholi o‘sish sur’atlari bilan bog‘liq xavotirlar ortidan ilgari surilgan. Hozirgi kunda Shveysariya aholisi 9 million nafardan oshgan bo‘lib, amaldagi demografik o‘sish saqlanib qolsa, taklif etilayotgan chegara 2050 yildan ancha oldin bosib o‘tilishi mumkin.
Federal kengash tashabbusga qarshi
Mamlakatning oliy ijroiya organi hisoblangan Federal kengash esa fuqarolarni mazkur tashabbusga qarshi ovoz berishga chaqirmoqda. Hukumat aprel oyida chet elliklar tomonidan ko‘chmas mulk sotib olish tartibini qat’iylashtirish bo‘yicha yangi takliflarni taqdim etgan va bu choralarni referendum mavzusi bilan bog‘lagan.
Biznes doiralari esa tashabbus ma’qullansa, mamlakat mehnat bozori uchun zarur bo‘lgan ishchi kuchini jalb qilish imkoniyatlari qisqarishidan xavotir bildirmoqda. Bugungi kunda Shveysariya aholisining chorak qismidan ko‘prog‘ini chet el fuqarolari tashkil etadi. Ularning 82 foizdan ortig‘i Italiya, Germaniya, Portugaliya va Fransiyadan kelgan.
Aholi sonining o‘sishi uy-joy bozorida ham bosimni kuchaytirgan. Maslahat kompaniyasi Wuest Partner ma’lumotlariga ko‘ra, Sug shahridagi uy-joy narxlari hozir Jenevadan ham yuqori darajaga chiqqan. Knight Frank’ning 2026 yil hisobotiga muvofiq, Jenevadagi elita ko‘chmas mulk narxlari Singapur, London, Nyu-York, Tokio va Parijdagi ko‘rsatkichlardan ham yuqori baholangan.





