Sirdaryoda ayrim shahar va tumanlarning chegaralari o‘zgartirilishi mumkin
Viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarining aytishicha, yerlardan foydalanishda ularning belgilangan maqsadi, qonunchilik talablariga rioya qilinadi. Yangi o‘tkaziladigan 1748 gektar yer maydonlaridan hech qaysi birining toifasi o‘zgarmaydi.
© parliament.gov.uzSirdaryo viloyatining Guliston, Shirin, Yangiyer shaharlari, Guliston, Boyovut, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos tumanlari chegaralarini o‘zgartirish reja qilinmoqda. Bu bo‘yicha 18-avgust kuni parlamentning quyi palatasida qaror loyihasi ma’qullandi.
Taklif etilayotgan chegara o‘zgartirishlariga muvofiq, Guliston tumanidan 527,23 gektar va Boyovut tumanidan 582 gektar yer maydonini Guliston shahri tarkibiga hamda Boyovut tumanidan 638,77 gektar yer maydonini Shirin shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Guliston va Shirin shaharlari viloyatdagi aholi eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Deputatlarga ko‘ra, chegaralarning kengayishi shaharda aholi zichligini kamaytirishga, transport qatnovini yaxshilashga, hududda yirik loyihalar uchun zamin yaratib, xorijiy va mahalliy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
«Shuningdek, hududda yangi sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etishga, qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashga sharoit yaratadi», — deyiladi xabarda.
Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari hamda viloyat kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etildi.
Viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Faxriddin Kushakov Boyovut tumanining «Qarapchi» va «Yangi avlod» mahallalari, shuningdek, Guliston tumanining «Mevazor» va «Ishonch» mahallalari hududlarini Guliston tarkibiga, Boyovut tumanidagi «Shirin» mahallasini esa Shirin shahri tarkibiga kiritish taklif etilayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Yangi avlod» va «Qarapchi» mahallalari Guliston shahriga tutash hududlar, Boyovut tumani markazidan qariyb 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. Guliston tumanidagi «Ishonch» hamda «Mevazor» mahallalari ham xuddi shunday Guliston shahri bilan tutash hududlar, tuman markazidan 30 kilometrdan olisroqda joylashgan. Boyovut tumanidagi «Shirin» mahallasi esa Shirin shahri bilan tutash, Shirin shahri hududidan o‘tib, «Shirin» mahallasiga boradigan hudud bo‘lgani uchun asosiy masala qilib aholiga qulayliklar yaratish belgilab olingan.
Hokim o‘rinbosarining urg‘ulashicha, yerlardan foydalanishda ularning belgilangan maqsadi, qonunchilik talablariga rioya qilinadi. Yangi o‘tkaziladigan 1748 gektar yer maydonlaridan hech qaysi birining toifasi o‘zgarmaydi. Qishloq xo‘jaligi asrash, ekologik muvozanatni saqlash masalasi asosiy e’tiborga olingan, shuning uchun toifalar o‘z holicha qoldiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatidagi 4 ta tumandan jami 17 ming 226,5 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilayotgani haqida yozgan edik. Bunda ma’muriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumani tugatiladi.





