Sobiq imom Odilxon Ismoilov 8 yilga qamaldi
Toshkentda uzoq yillar imom-xatib bo‘lib ishlagan, keyinchalik «Rayxon» milliy taomlari tarmog‘ini tashkil etgan Odilxon Ismoilovga sud hukmi o‘qildi. Ish bo‘yicha yana olti nafar shaxs ham ozodlikdan mahrum etildi.
© Odilxon Ismoilov / Foto: Xalqaro press klubJinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi «Rayxon» milliy taomlari ta’sischisi Odilxon Ismoilov va yana olti nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, yetti nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 227-moddasi (hujjatlarni egallash, yashirish va boshqa harakatlar) hamda 228-moddasi (qalbaki hujjat tayyorlash va ulardan foydalanish) bo‘yicha aybdor deb topildi.
Odilxon Ismoilovga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud Jinoyat kodeksining 62-moddasiga muvofiq uning qamoqda saqlangan vaqtini hisobga olib, o‘tash uchun 7 yil 11 oy 28 kun jazo qoldirdi.
Qolgan olti nafar sudlanuvchiga ham sodir etgan jinoiy harakatlaridan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar sudlanganlardan solidar tartibda — birgalikda undirilishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, Oliy sud bu ish haqida 2026-yil yanvar oyida axborot bergan edi. O‘shanda Oliy sud Odilxon Ismoilov va yana olti nafar shaxsga nisbatan ancha keng qamrovli ayblovlar, jumladan o‘zlashtirish va rastrata, soxta tadbirkorlik, soliqdan bo‘yin tovlash, savdo qoidalarini buzish, mansab soxtakorligi hamda qalbaki hujjatlar bilan bog‘liq jami sakkizta modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan. yergov davrida Ismoilov va yana to‘rt nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish, bir nafar figurantga esa garov tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Yakuniy hukmga ko‘ra esa sud Ismoilov va boshqalarni Jinoyat kodeksining 167, 209, 227 va 228-moddalari bo‘yicha aybdor deb topgan. Dastlabki ayblovda qayd etilgan soxta tadbirkorlik, soliqdan bo‘yin tovlash va savdo qoidalarini buzishga oid moddalar esa hukm haqidagi rasmiy axborotda tilga olinmagan.
Bu ayblovlarning bekor qilingani, qayta malakalangani yoki boshqa protsessual sabablar bilan chiqarib tashlanganiga rasmiy izoh berilmagan.
Odilxon Ismoilov diniy doiralarda «Odilxon qori» nomi bilan tanilgan. U mehnat faoliyatini 1998–1999 yillarda Toshkent shahridagi «Hazrati Umar» jome masjidida imom-xatib sifatida boshlagan. Keyin «Shayx Zayniddin» jome masjidida imom noibi, 2010-yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari, 2011–2018-yillarda esa Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlagan.
2018-yilda u internetda tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatgani va sog‘lig‘i bilan bog‘liq sabablar tufayli lavozimidan ozod etilgan. Keyin «Vaqf» xayriya jamoat fondida ishlagan, 2019-yilda «Xo‘ja Alambardor» masjidi imom-xatibi etib tayinlangan. Shu yilning sentabrida sog‘lig‘i sababli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etgan va shundan buyon O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritmagan





