Soyabon va LED-ekranlar: tadbirkorlar topgan yo‘l qanchalik qonuniy?

Tadbirkorlar reklama qilishning yangi usullarini topgani haqida yozgan edik. Biroq Toshkent shahar hokimligi Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, vitrina va ekranlar orqali reklama ham qonun doirasida cheklangan.

Soyabon va LED-ekranlar: tadbirkorlar topgan yo‘l qanchalik qonuniy? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Toshkentda tashqi reklamaga qarshi kuchaygan reydlar ortidan peshlavhalarning olib tashlanishi, ustiga ustak, kompensatsiya to‘lanmagani keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Biroq ayrim tadbirkorlar reklama qilishning yangicha yo‘lini o‘ylab topishgani haqda yozgan edik.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, tadbirkorlar do‘kon ichiga o‘rnatilgan televizor va LED ekranlar orqali reklama qilishni taklif qilib, bu usul orqali qo‘shimcha xarajatlardan qochish mumkinligini ta’kidlashgan edi. Ayrimlar hatto vitrina ustidagi soyabonlarga brend nomlarini joylashtirish orqali yana bir qo‘shimcha imkoniyatdan foydalanayotganini aytishgan.

Biroq bu masalaning huquqiy jihatlari ham mavjud. Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, oynalarni to‘sgan holda reklama joylashtirish taqiqlangan.

Toshkent shahar xalq deputatlari kengashining 2024-yil 1-maydagi VI-101-60-14-0-K/24-son qarori bilan tasdiqlangan reglament talablariga asosan oynaalarni to‘sgan holatda reklama vositalarini joylashtirishga ruxsat etilmaydi.

Agar tadbirkor ekran o‘rnatmoqchi bo‘lsa, bu avvaldan loyihada ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak. Aks holda, oyna yuzasini ekran bilan to‘sib qo‘yish qonunbuzarlik hisoblanadi.

Shuningdek, markizaning pastki qismida reklama joylashtirishga ruxsat berilsa-da, uni yuqori qismiga katta hajmda o‘rnatish taqiqlangan. Markiza binoga mos va uyg‘un ranglarda bo‘lishi tavsiya etiladi.

Qarorga muvofiq, quyidagi turdagi reklama vositalarini o‘rnatish taqiqlanadi:

  • karton yoki banner matosidan tayyorlangan peshlavhalar (afishalar bundan mustasno);

  • ko‘p qavatli uylar fasadining noturar qavatlar chizig‘idan yuqoriga o‘rnatilgan peshlavhalar;

  • miltillab turadigan elementlardan iborat peshlavhalar;

  • vitrina oynasining to‘liq balandligi yoki kengligini qoplaydigan elektron ekranlar;

  • dinamik tizimlarda (prizmatron va boshqalar) yoki elektron tashuvchilarda namoyish etiladigan reklama peshlavhalari (vitrina ichidagi ekranlar bundan mustasno);

  • binolarning soyabonlariga joylashtirilgan peshlavhalar;

  • turar joy binolari chegarasida o‘rnatilgan reklama vositalari;

  • ko‘p qavatli uylar fasadining yon qismlariga o‘rnatilgan peshlavhalar;

  • ayvon, balkon va ularning tom qismiga joylashtirilgan reklama vositalari;

  • fasadning me’moriy detallariga o‘rnatilgan peshlavhalar;

  • ko‘cha nomlari va uy raqamlarini to‘sib qo‘yadigan reklama vositalari;

  • fasad yuzasiga yopishtirilgan yoki bo‘yoq orqali tushirilgan peshlavhalar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtda noqonuniy tashqi reklamalarga qarshi reydlar boshlangani, fevral oyidan boshlab esa jarayon yanada avj oldi.

Теглар

Мавзуга оид