Logo

«Starlink» mojarosi: AQSH Yevropani javob choralaridan ogohlantirdi

Бугун 10:004 дақиқа

AQSH Yevropa Ittifoqini sun’iy yo‘ldosh aloqasi uchun radiochastotalarni taqsimlash rejasi bo‘yicha ogohlantirdi. Brussel bu taklifni amalga oshirsa, Yevropa kompaniyalari AQSH bozorida jiddiy oqibatlarga duch kelishi mumkin.

«Starlink» mojarosi: AQSH Yevropani javob choralaridan ogohlantirdi © getmedigital.com

AQSHning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Endryu Pazder agar Brussel sun’iy yo‘ldosh aloqasi bozoridagi qoidalarni o‘zgartirsa, Vashington Yevropa kompaniyalariga nisbatan javob choralarini ko‘rishi mumkinligini aytdi. Diplomat bu haqda 18-oktabr kuni «Financial Times» gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Bahs markazida Yevropa komissiyasining 2027 yildan keyin sun’iy yo‘ldosh orqali mobil aloqa xizmatlari uchun 2 GGs chastota diapazonini taqsimlash tartibini o‘zgartirish taklifi turibdi. Ushbu tashabbus Yevropa operatorlariga ma’lum ustunliklar berishni, shuningdek, davlat xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan aloqa infratuzilmasini rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Mazkur taklif «SpaceX» kompaniyasining «Starlink» xizmati kabi xorijiy provayderlarning kelajakdagi imkoniyatlariga ham ta’sir qilishi mumkin.

Pazder: oqibatlar Yevropa kompaniyalari uchun «juda og‘ir» bo‘lishi mumkin

«Financial Times» bilan suhbatda Pazderdan Brussel amerikalik kompaniyalarga nisbatan cheklovlarni davom ettirsa, Yevropa biznesi Vashingtonning javob choralaridan xavotirga tushishi kerakmi, deb so‘raldi.

Diplomat Yevropa kompaniyalari bunday ehtimolni albatta hisobga olishi lozimligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH bozorining ko‘lami va ahamiyati inobatga olinsa, bunday javob choralari Yevropa korxonalari uchun «juda og‘ir» oqibatlarga olib kelishi tayin.

«Agar asosiy maqsad Qo‘shma Shtatlarning raqobatbardoshligini pasaytirish bo‘lsa, menimcha, bu qonunchilikning to‘g‘ri va qonuniy maqsadi emas», — degan Pazder. U Yevropa kompaniyalarini kuchaytirish uchun amerikalik raqobatchilarning imkoniyatlarini cheklash umuman shart emasligini aytdi.

Diplomatning fikricha, AQSH va Yevropa Ittifoqi sun’iy intellekt hamda kvant hisoblash texnologiyalari borasida Xitoyga qarshi raqobatda birgalikda harakat qilishi kerak. U Vashington va Brusselning o‘zaro kelishmovchiliklari umumiy texnologik manfaatlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.

«Yevropa bilan kurashishdan ko‘ra, u bilan hamkorlik qilish ancha osonroq bo‘lar edi», — dedi AQSH elchisi.

Yevropa qanday qoida joriy etmoqchi?

Yevropa komissiyasi 2026 yil 27-may kuni mobil sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlari uchun 2 GGs chastota diapazonidan foydalanishga ruxsat berish tartibini o‘zgartirish bo‘yicha reglament loyihasini taqdim etdi.

Amaldagi litsenziyalash tizimi 2008 yilda qabul qilingan qarorga asoslangan. Yangi taklif esa uni almashtirib, butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab yagona tanlov va ruxsat berish mexanizmini joriy etishga qaratilgan. Amaldagi chastotalardan foydalanish huquqi 2027 yilning may oyida yakuniga yetadi.

Yevropa komissiyasining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 2 GGs diapazoni yerdagi mobil tarmoqlar yetib bormagan hududlarda sun’iy yo‘ldosh orqali aloqa o‘rnatish, shuningdek, favqulodda vaziyatlar va davlat xizmatlari uchun muhim kommunikatsiyalarni ta’minlashda qo‘l keladi.

Nega bu chastotalar «Starlink» uchun o‘ta muhim?

Sun’iy yo‘ldosh aloqasi faqatgina antenna yoki maxsus terminal orqali internetga ulanishni emas, balki oddiy smartfonning ham bevosita sun’iy yo‘ldosh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishini ta’minlay oladi. Texnologiyalar olamida bu usul «Direct-to-Device» (D2D), ya’ni qurilmani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulash deb ataladi.

Bunday texnologiya yerdagi mobil tarmoqlar qamrovidan tashqarida qolgan hududlarda aloqa o‘rnatishga, shuningdek, odatiy tarmoqlar ishdan chiqqan favqulodda vaziyatlarda qo‘shimcha aloqa kanali bo‘lib xizmat qilishga mo‘ljallangan.

Yevropa parlamenti tadqiqot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, aynan 2 GGs diapazoni bunday xizmatlar uchun eng qulayi hisoblanadi. Ushbu diapazondagi chastotalar sun’iy yo‘ldosh va yerdagi aloqa infratuzilmasi o‘rtasidagi texnologik bog‘liqlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Yevropa telekom kompaniyalari «Starlink»ga muqobil tarmoq yaratishni rejalashtirmoqda

Bahslar avjiga chiqqan bir paytda Yevropaning to‘rtta yirik telekommunikatsiya kompaniyasi — Germaniyaning «Deutsche Telekom», Fransiyaning «Orange», Ispaniyaning «Telefónica» hamda «Vodafone» 19-oktabr kuni yangi tashabbusni e’lon qildi.

Bu kompaniyalar Yevropa bozorida mobil sun’iy yo‘ldosh aloqasi uchun ajratiladigan chastotalar bo‘yicha birgalikda tenderda qatnashish imkoniyatini o‘rganish to‘g‘risida niyat bayonnomasini imzolashdi. Ularning asosiy maqsadi — qamrov yetarli bo‘lmagan hududlarda aloqa tarmog‘ini kengaytirish, muhim kommunikatsiyalar barqarorligini oshirish va Yevropa telekom operatorlariga D2D xizmatlarini taqdim etishdan iborat.

Ishtirokchilarning rasmiy bayonotiga ko‘ra, konsorsium Yevropa hududida yerdagi tarmoq infratuzilmasi, boshqaruv va nazorat funksiyalarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Biroq ular yangi sun’iy yo‘ldoshlar turkumini yaratishga bevosita o‘zlari sarmoya kiritmasligini alohida ta’kidlagan. Buning o‘rniga, hali tanlab olinishi kerak bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh operatorlari bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, kompaniyalar ushbu tashabbus mavjud sun’iy yo‘ldosh hamkorliklarining o‘rnini bosmasligini bildirgan.

«SpaceX»: taklif Ukrainadagi aloqaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin

«SpaceX» kompaniyasi «Yevropa komissiyasi»ning bu rejalariga keskin e’tiroz bildirdi. Kompaniyaning ogohlantirishicha, taklif qilinayotgan o‘zgarishlar Ukrainadagi aloqa sifatiga ham salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Urush boshlanganidan buyon «Starlink» Ukrainada fuqarolik va harbiy kommunikatsiyalarni ushlab turuvchi eng muhim vositalardan biriga aylangan.

Ukraina masalasi mazkur bahsga qo‘shimcha geosiyosiy ahamiyat yuklamoqda. Yevropa Ittifoqi o‘zining muhim aloqa infratuzilmasi va xavfsizlik xizmatlarini xorijiy provayderlarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish orqali rivojlantirishga intilmoqda. AQSH esa Amerika kompaniyalariga nisbatan joriy qilinadigan cheklovlar erkin raqobatga to‘sqinlik qilishi hamda ikki tomonning texnologik hamkorligiga putur yetkazishini aytmoqda.

Теглар

Мавзуга оид