Logo

Sug‘urta kompaniyalari yarim yilda 505,5 mlrd sof foyda oldi

Бугун 16:462 дақиқа

O‘zbekistondagi sug‘urta kompaniyalarining jami sof foydasi 2026-yilning birinchi yarmida 61 foizga oshdi. Biroq umumiy foydaning yarmidan ko‘pi atigi ikki yirik kompaniya hisobiga to‘g‘ri keldi.

Sug‘urta kompaniyalari yarim yilda 505,5 mlrd sof foyda oldi © Foto: istock

2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi sug‘urta tashkilotlarining jami sof foydasi 505,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 314 mlrd so‘mga nisbatan qariyb 192 mlrd so‘mga yoki 61,3 foizga ko‘pdir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda litsenziya asosida 35 ta sug‘urta tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning 28 tasi umumiy sug‘urta, 7 tasi esa hayot sug‘urtasi xizmatlarini ko‘rsatadi.

Tahlillarga ko‘ra, soha foydasining asosiy qismi yirik ishtirokchilar hisobiga shakllangan. Xususan, umumiy sug‘urta kompaniyalari jami 484 mlrd so‘m sof foyda olib, bozor umumiy foydasining 96 foizini ta’minladi.

Ikki kompaniya yetakchi

Yarim yillikda «Apex Insurance» 153,9 mlrd so‘m sof foyda bilan bozorda birinchi o‘rinni egalladi. Kompaniyaning foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,1 mlrd so‘mga oshgan.

Ikkinchi o‘rindan «Euroasia Insurance» kompaniyasi 105 mlrd so‘m bilan joy oldi.

Bu ikki sug‘urta tashkilotining jami sof foydasi 259 mlrd so‘mdan oshdi. Ya’ni mamlakat sug‘urta bozoridagi umumiy sof foydaning 51 foizi atigi ikki kompaniya hisobiga to‘g‘ri keldi.

Keyingi o‘rinlarni «Mosaic Insurance Group» 33,4 mlrd so‘m va «O‘zbekinvest» 31,8 mlrd so‘m sof foyda bilan egalladi.

1




Ayrimlar zarar ko‘rdi

Hisobot davrini barcha kompaniyalar ham ijobiy natija bilan yakunlamadi. «Prestige Insurance» 5,6 mlrd so‘m, «Alskom» esa 2,2 mlrd so‘m moliyaviy zarar ko‘rdi. Yana to‘qqizta sug‘urta tashkilotining sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.

2



Shu bilan birga, ayrim kompaniyalarda foydaning o‘sish sur’ati juda yuqori bo‘ldi. «Neo Insurance»da bu ko‘rsatkich 2781 foizga, «Temiryo‘l-Sug‘urta»da 2131 foizga oshdi.

Hayot sug‘urtasi xizmatlarini ko‘rsatishda «TBC Sug‘urta» 20,5 mlrd so‘m sof foyda bilan yetakchilik qildi.

Hayot sug‘urtasi bilan shug‘ullanuvchi yetti kompaniyaning jami sof foydasi 21 mlrd so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilgi 7,3 mlrd so‘mga nisbatan qariyb uch barobar ko‘pdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sug‘urta shartnomalari endi faqat elektron shaklda tuzilishi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид