Sun’iy intellekt global savdo hajmini 40 foizga oshiradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning «Osiyo uchun raqamli magistral» tashabbusiga qo‘shilishi va Toshkentda uning mintaqaviy markazini ochish rejalari bildirildi.

Sun’iy intellekt global savdo hajmini 40 foizga oshiradi © Prezident matbuot xizmati

Jahonda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt iqtisodiyotning barcha sohalarida yangi bosqichni boshlab bermoqda. Jahon savdo tashkiloti prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga borib, sun’iy intellekt hisobiga global savdo aylanmasi qo‘shimcha 40 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Prezident Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yig‘ilishining ochilish marosimidagi nutqida ma’lum qildi.

200 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalari ustida ish olib borilmoqda

O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatda innovatsiya va bilimlarga asoslangan sun’iy intellekt xabini tashkil etish ishlari boshlangan. Hozirda iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

Shu bilan birga, hududlarda data markazlar, superkompyuterlar va sun’iy intellekt laboratoriyalarini ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari»ni tayyorlash dasturi orqali kadrlar salohiyatini oshirish maqsad qilingan.

«Bu yo‘nalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSH, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman», – dedi Prezident.

Shuningdek, ta’lim, tibbiyot, suv xo‘jaligi, ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligi kabi muhim sohalarda ochiq sun’iy intellekt modellarini joriy etish zarurligi qayd etildi. Bu aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Prezident Osiyo taraqqiyot banki homiyligida rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif qildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning «Osiyo uchun raqamli magistral» tashabbusiga qo‘shilishi va Toshkentda uning mintaqaviy markazini ochish rejalari bildirildi.

Sun’iy intellekt energiyaga talabni keskin oshirmoqda

Jahonda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi energiya resurslariga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Ayniqsa, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlaydigan data markazlar elektr energiyasining asosiy iste’molchilaridan biriga aylanmoqda.

Xalqaro energetika agentligi tahlillariga ko‘ra, 2030 yilga borib, data markazlarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi hozirgiga nisbatan 2–3 barobarga oshadi.

O‘zbekiston ham mazkur tendensiyani hisobga olgan holda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Mamlakatda dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda umumiy quvvati 5,6 ming MW bo‘lgan shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishda «yashil» energiya ulushi 30 foizga yetkazildi.

Hukumat 2030 yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 54 foizgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu esa nafaqat ichki ehtiyojni qondirish, balki eksport salohiyatini ham kuchaytirish imkonini beradi.

Теглар

Мавзуга оид