Sun’iy intellekt poygasi chip bozorini nega izdan chiqardi?

Pandemiyadan so‘ng tiklanayotgan yarimo‘tkazgichlar bozori yana tanqislik va narx sakrashiga duch keldi. Bu safar bunga sabab sun’iy intellekt texnologiyalari rivoji bo‘lmoqda.

Sun’iy intellekt poygasi chip bozorini nega izdan chiqardi?

So‘nggi besh yilda jahon yarimo‘tkazgichlar bozori bir necha bor silkinishlarga duchor bo‘ldi. Avvaliga COVID-19 pandemiyasi logistika zanjirlarini izdan chiqarib, avtomobilsozlik va maishiy elektronika sohalarida chip tanqisligini keltirib chiqardi. Keyin AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligi ta’minotni yanada murakkablashtirdi, deb yozadi «Kommersant» nashri.

2022 yil oxiriga kelib taqchillik pasaydi, 2023 yilda esa ayrim segmentlarda ortiqcha ishlab chiqarish kuzatildi. Narxlar tushdi, kompaniyalar zarar ko‘rdi. Biroq 2022 yil noyabrida «OpenAI» tomonidan taqdim etilgan ChatGPT bozor dinamikasini keskin o‘zgartirdi.

Sun’iy intellekt texnologiyalariga talab portlovchi sur’atda o‘sa boshladi. Yirik chip ishlab chiqaruvchi «Nvidia» va Tayvanning «TSMC» kabi kompaniyalar SI uchun yuqori unumdor mikrosxemalarga bo‘lgan talabdan rekord foyda oldi. Yirik texnologik korporatsiyalar 2024–2025 yillarda data-markazlar qurilishiga o‘nlab milliard dollar sarmoya kiritdi.

 

Narxlar va defitsit

SI tizimlari zamonaviy va qimmat tarkibiy qismlarni talab qiladi. 2025 yilda AQSH va ayrim Yevropa davlatlari SI chiplarini eksport qilishga cheklovlar joriy etdi. Ta’minotdagi nomutanosiblik va yuqori talab 2025 yilda yangi taqchillikni yuzaga keltirdi.

2026 yil boshida DRAM xotirasi narxi bir oy ichida 75 foizga oshdi. Ayrim tahlilchilar bu holatni «RAMmageddon» deb atadi. SIga ustuvorlik berilayotgani sababli HDD va SSD kabi boshqa xotira turlarida ham tanqislik kuchaydi.

Bu jarayon smartfon va komputerlar narxiga ham bosim o‘tkazmoqda. «Apple»ning «Samsung» va «SK Hynix» bilan shartnomalari yakunlanmoqda, tarkibiy qismlar qimmatlashgan. «Counterpoint» prognozlariga ko‘ra, 2026 yilda smartfon savdosi sekinlashadi. Ayrim ishlab chiqaruvchilar yangi qurilmalar taqdimotini kechiktirmoqda.

 

Bozor istiqboli va investitsiyalar

Tahlilchilarning fikricha, SIga sarmoyalar qisqarmaydi. Bu yarimo‘tkazgichlar bozorida yuqori talabni saqlab qoladi. Shu bilan birga, davlatlar ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirishga intilmoqda.

Sun’iy intellekt uchun infratuzilmalarni moliyalashtirish miqyoslari misli ko‘rilmagan darajaga yetdi: 2026 yilda dunyonning to‘rt yirik korporatsiyalari bu ishga milliardlab dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Agar bu investitsiyalar Amerika Qo‘shma Shtatlari iqtisodiyoti (YAIM) kesimida taqqoslanadigan bo‘lsa, ular AQSH tarixidagi eng mashhur va qimmatbaho davlat loyihalaridan ham oshib ketadi, deb yozmoqda «The Wall Street Journal».

Bozorning to‘rt yetakchisi — «Microsoft», «Meta», «Amazon» va  «Google» («Alphabet») ona kompaniyasi birgalikda shu yilning o‘zida SI infratuzilmasini rivojlantirish uchun 670 mlrd dollar yo‘naltirishadi. Bu mablag‘lar sun’iy intellekt bazasidagi yangi mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘lamini oshirish uchun hisoblash quvvatlarini zudlik bilan kengaytirish uchun juda muhim.

 

Energiya sarfi

Qolaversa, Amerika energetika tizimi sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyalarining shiddat bilan o‘sayotgani tufayli misli ko‘rilmagan zo‘riqishga duchor bo‘lmoqda.

Atigi bir necha yil avval raqamli infra tuzilma milliy energiya tarmog‘i uchun deyarli bilinmagan, bugungi kunga kelib serverlar real fizik resurslarning yirik iste’molchilaridan biriga aylanib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasining katta qismini sarflamoqda, deb xabar beomoqda «Goldman Sachs» va AQSH Energetika vazirligi.

II boom 2

Raqamlarga e’tibor beramiz: 2004–2013 yillarda vaziyat mutlaqo barqaror bo‘lgan. Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari umumilliy ko‘rsatkichlarning 0,5–1 foizi doirasida elektr energiyasi iste’mol qilgan.

2014 yildan 2019 yilgacha sekin-asta ko‘tarilish boshlangan va ko‘rsatkich 2,5 foizga yetgan. Biroq, 2020 yildan 2026 yilgacha haqiqiy shok boshlandi. Energiya iste’moli egri chizig‘i keskin yuqorilab, AQSHda generatsiya qilinayotgan barcha elektr energiyasining 7 foizi foiziga yaqinlashmoqda.

Yaqin yillarda chip bozori yana bir bor muvozanat izlaydi. Ammo SI raqobati davom etar ekan, yuqori texnologik xotira va protsessorlar narxi barqarorlashishi oson kechmaydi.

Теглар

Мавзуга оид